2025-yil 11-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika institutida flora, o‘simliklar xilma-xilligi, geobotanika, cho‘l ekotizimlari va biotexnologiya yo‘nalishlaridagi dolzarb masalalarga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy seminar tashkil etildi. Tadbirda O‘zbekiston va Qozog‘istonning ilmiy markazlari yetakchi olimlari ishtirok etib, mintaqaviy ilmiy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Seminar davomida floristik tadqiqotlarning zamonaviy metodlari, cho‘l landshaftlarining ekologik transformatsiyasi, molekulyar identifikatsiya va ekomonitoring texnologiyalari bo‘yicha yangi ilmiy yondashuvlar taqdim etildi.

2

Seminarning ochilish ma’ruzasida Botanika instituti direktori, akademik K.Sh. Tojibayev O‘zbekistonda o‘simliklar xilma-xilligini biologik hujjatlashtirishning zamonaviy bosqichlari haqida so‘z yuritdi. Xususan, grid mapping (to‘r tizimli xaritalash) asosida floristik ma’lumotlarni global standartlarda qayd etish, Qizil kitob turlarini monitoring qilish va hududiy fitoxilma-xillikni baholashning ahamiyati ta’kidlandi. Shuningdek, u O‘rta Osiyoda botanika va bioxilma-xillik bo‘yicha dolzarb o‘rganilishi lozim bo‘lgan hududlar, qo‘shimcha ekspeditsion tadqiqotlarni talab qiluvchi yo‘nalishlar, shuningdek, mintaqaviy ilmiy markazlar bilan qo‘shma loyihalar va hamkorlik mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq takliflar bildirdi. Endilikda O‘rta Osiyo flora tadqiqotlarining ustuvor yo‘nalishlari va hamkorlik tashabbuslarini davom ettirish zaruratini aytib o‘tdi. Mazkur takliflar seminarning asosiy mavzularidan biri bo‘lib, mintaqa botanika ilmida integratsiyalashgan hamkorlikning zarurligini ko‘rsatdi.

3

Qozog‘istonning Mang‘ishloq eksperimental botanika bog‘i bosh direktori,  professor A.A. Imanbayeva qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklar, cho‘l ekotizimlarini barqarorlashtirish texnologiyalari va introduksiya ishlari bo‘yicha amalga oshirilgan ilg‘or ilmiy natijalarni taqdim etdi.

4

Botanika instituti Geobotanika laboratoriyasi mudiri, biologiya fanlari doktori B.A. Adilov Qoraqalpoq Ustyurti o‘simliklar qoplamining transformatsiyasi haqida fundamental va amaliy mazmunda qiziqarli ma’ruza qildi. B. Adilov o‘z ma’ruzasida Qoraqalpo Ustyurti hududida o‘simlik qoplamining so‘nggi o‘zgarishlari, antropogen omillar, iqlim dinamikasi va raqamli monitoring metodlari bo‘yicha ilmiy tahlillarni bayon etdi.

5

Professor M.Yu. Ishmuratova universitetning biotexnologiya, molekulyar identifikatsiya, bioindikatsiya va ekologik baholash bo‘yicha yangi tadqiqot loyihalari bilan ishtirokchilarni tanishtirdi.

6

Seminar yakunida ishtirokchilar o‘rtasida dolzarb botanika tadqiqotlarini qo‘shma ravishda amalga oshirish, ekspeditsiyalarni tashkil etish, floristik ma’lumotlarni almashish va yosh tadqiqotchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha fikr almashildi.

9