O‘zbekistonda ilmiy-tadqiqot institutlari va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, ilm-fan va ta’lim integratsiyasini kuchaytirish hamda yoshlarni zamonaviy tadqiqotlarga jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ushbu hamkorlik doirasida 2026-yil uchun belgilangan reja-jadval asosida oliy ta’lim muassasalarida Fanlar akademiyasi olimlari ishtirokida ilmiy seminarlar, mahorat darslari va treninglar o‘tkazilmoqda. Mazkur tadbirlar ilm-fan va ta’lim integratsiyasini rivojlantirish hamda yosh tadqiqotchilarning ilmiy salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.

2026-yil 28-oktabr kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Biologiya va ekologiya fakultetida Botanika instituti Ekstremofil o‘simliklar va fitoremediatsiya laboratoriyasi mudiri, biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Vasila Sharipova ishtirokida “Ekstremofil o‘simliklarning adaptatsiyasi: C₃–C₄ fotosintez, morfo-anatomik xususiyatlar va fitoremediatsiya” mavzusida ilmiy seminar-trening o‘tkazildi.

Seminar davomida Botanika institutida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari, ustuvor ilmiy yo‘nalishlar, shuningdek, Ekstremofil o‘simliklar va fitoremediatsiya laboratoriyasining faoliyati hamda istiqbolli tadqiqot yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumot berildi.

2

Seminarda ekstremal ekologik sharoitlarda o‘suvchi o‘simliklarning moslashuv mexanizmlari, morfologik, anatomik va fiziologik xususiyatlari hamda cho‘l ekotizimlariga xos fotosintetik strategiyalar yoritildi. Jumladan, galofit, kserofit, gipsofit va psammofit o‘simliklarning sho‘rlanish, qurg‘oqchilik, yuqori harorat va tuproqning o‘ziga xos geokimyoviy sharoitlariga moslashish xususiyatlariga alohida e’tibor qaratildi.

3

Seminar-treningda fitoremediatsiya, ya’ni o‘simliklar yordamida ifloslangan va degradatsiyaga uchragan hududlarni ekologik tiklash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, tuproq va o‘simliklar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar, kimyoviy elementlarning o‘simliklarda to‘planishi, bioindikatsiya, fitoekstraksiya va fitostabilizatsiya jarayonlari yoritildi. Shuningdek, mahalliy ekstremofil o‘simlik turlaridan sho‘rlangan va texnogen ta’sirga uchragan yerlarni rekultivatsiya qilishda foydalanish istiqbollari haqida ma’lumot berildi.

4

5

Tadbir davomida O‘zbekiston Milliy universiteti va Botanika instituti o‘rtasidagi ilmiy-amaliy hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma seminarlar va dala tadqiqotlarini tashkil etish, laboratoriya imkoniyatlaridan samarali foydalanish, shuningdek, talabalar, magistrantlar va yosh tadqiqotchilarni zamonaviy ilmiy loyihalarga jalb etish istiqbollari muhokama qilindi.

6

Mazkur seminar fundamental botanika tadqiqotlarining amaliy ekologik ahamiyatini yoritish, yoshlarning zamonaviy ilmiy yo‘nalishlarga qiziqishini oshirish hamda Botanika instituti va O‘zbekiston Milliy universiteti o‘rtasidagi ilmiy-ta’lim hamkorligini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.