2026-yil 31-oktabr kuni Termiz davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-dekabrdagi PQ-390-son qarori 2-ilovasining 17-bandida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan «Ilm-fanning dolzarb masalalari» mavzusida respublika ilmiy seminari bo‘lib o‘tdi.
Seminar Termiz davlat universiteti hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti hamkorligida tashkil etildi. Tadbirda oliy ta’lim tashkilotlari va Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy muassasalar xodimlari, professor-o‘qituvchilar hamda tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Seminarning asosiy maqsadi mamlakatimizda ilm-fan rivojining dolzarb yo‘nalishlarini muhokama qilish, ilmiy tadqiqotlar natijalarini taqdim etish, ilmiy tashkilotlar va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, tabiiy resurslar va biologik xilma-xillikni o‘rganish hamda muhofaza qilish sohasidagi zamonaviy yondashuvlarni keng targ‘ib etishdan iborat bo‘ldi.
Seminar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti olimlari tomonidan o‘simliklar xilma-xilligi, biologik resurslarni muhofaza qilish va tabiiy ekotizimlarning rivojlanishiga oid dolzarb ilmiy ma’ruzalar taqdim etildi.

Botanika instituti direktori, akademik K.Sh. Tojibayev «Markaziy Osiyo o‘simliklar xilma-xilligini tadqiq etishdagi dolzarb muammolar va ularni raqamli ma’lumotlar asosida hal etish imkoniyatlari» mavzusida ma’ruza qildi.
Ma’ruzada Markaziy Osiyo florasini o‘rganishda zamonaviy ilmiy yondashuvlarning ahamiyati, o‘simliklar xilma-xilligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tizimlashtirish va raqamlashtirish imkoniyatlari hamda ilmiy ma’lumotlardan samarali foydalanish masalalari yoritildi. Shuningdek, raqamli texnologiyalarning botanika tadqiqotlari, floristik ma’lumotlarni tahlil qilish va biologik xilma-xillikni baholashdagi o‘rni muhokama qilindi.

Botanika instituti bosh ilmiy xodimi, biologiya fanlari doktori, professor X.F. Shomurodov «O‘zbekiston Qizil kitobi bioxilma-xillikni saqlash vositasi sifatida: yangi yondashuvlar va istiqbollar» mavzusida ma’ruza bilan ishtirok etdi.
Ma’ruzada O‘zbekiston Qizil kitobining biologik xilma-xillikni muhofaza qilishdagi ahamiyati, noyob va yo‘qolib borayotgan o‘simlik turlarini aniqlash, ularning holatini baholash hamda muhofaza qilish bo‘yicha zamonaviy yondashuvlar masalalariga e’tibor qaratildi. Noyob turlarni saqlashda ilmiy tadqiqotlar, monitoring va ma’lumotlarga asoslangan qarorlarning ahamiyati ta’kidlandi.

Botanika instituti O‘simliklar muhofazasi va ekologiyasi laboratoriyasi mudiri, PhD, katta ilmiy xodim B.Sh. Habibullayev «Gidroiqlim sharoitlarining global o‘zgarishi va antropogen transformatsiya fonida O‘zbekiston to‘qay o‘simliklar qoplamining shakllanish tarixi va zamonaviy rivojlanish tendensiyalari» mavzusidagi ma’ruzasini taqdim etdi.
Ma’ruzada gidroiqlim sharoitlarining o‘zgarishi va antropogen omillarning to‘qay ekotizimlariga ta’siri, O‘zbekiston to‘qay o‘simliklar qoplamining shakllanish tarixi hamda uning zamonaviy rivojlanish tendensiyalari yoritildi. To‘qay ekotizimlarini o‘rganish va muhofaza qilishda ekologik monitoring hamda ilmiy tadqiqotlarning o‘rni muhokama qilindi.
Seminar yakunida ishtirokchilar taqdim etilgan ma’ruzalar yuzasidan fikr almashdilar, savol-javoblar va umumiy muhokamalar o‘tkazildi. Tadbir ilmiy tashkilotlar va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida tajriba almashish, dolzarb ilmiy masalalarni muhokama qilish hamda kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qildi.

Tashrif davomida Botanika instituti olimlari universitetning ilmiy-tadqiqot infratuzilmasi, tajriba maydonchalari hamda In Vitro laboratoriyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Xususan, o‘simliklar xilma-xilligini o‘rganish, noyob turlarni saqlash va ko‘paytirish, shuningdek, zamonaviy biotexnologik usullarni amaliyotga joriy etish borasida olib borilayotgan ilmiy ishlar bilan tanishildi. Ushbu yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan tadqiqotlarning ahamiyati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.


Botanika instituti olimlarining seminardagi ishtiroki o‘simliklar xilma-xilligini o‘rganish, biologik resurslarni muhofaza qilish va ekologik muammolarni ilmiy asosda hal etishga qaratilgan tadqiqotlarni keng targ‘ib etishga xizmat qildi.
Bunday ilmiy tadbirlar mamlakatimizda ilm-fan va ta’lim integratsiyasini rivojlantirish, yosh tadqiqotchilarning ilmiy salohiyatini oshirish hamda fanlararo hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

