OʻzR FA Botanika instituti Geobotanika laboratoriyasi ilmiy xodimlari, Rossiya Fanlar akademiyasi professori A.Yu. Korolyuk, Buxoro davlat universiteti doktoranti (DSc) H.Q. Esanovlar professor X.F.Shomurodov rahbarligida Amudaryo toʻqaylari hududiga 24.04.-03.05.2022 sanalarida ekspeditsiya uyushtirishdi.

Ekpeditsiya Geobotanika laboratoriyasining F-FА-2021-450-sonli “Gidroiqlim sharoitlarining global oʻzgarishi va antropogen transformatsiya fonida Oʻzbekiston toʻqay oʻsimliklar qoplamining shakllanish tarixi va zamonaviy rivojlanish tendensiyalari” mavzusidagi fundamental loyihasi doirasida 2022 yilda bajarilishi koʻzda tutilgan vazifalarni amalga oshirish maqsadida tashkil etildi.

Ilmiy safar davomida dala tadqiqotlari belgilangan aniq marshrut boʻyicha Amudaryoning oʻrta va quyi oqimlarida, ya’ni Buxoro viloyatining Romitan, Xorazm viloyatining Tuproqqal’a, Qoraqalpogʻiston Respublikasining Amudaryo, Beruniy, Nukus tumanlarida, shuningdek, Qizilqum davlat qoʻriqxonasi va Quyi-Amudaryo davlat biosfera rezervati hududlarida olib borildi.

Dala tadqiqotlari davomida oʻrganilgan hududlardagi daryolarda toʻqay oʻsimliklari, ya’ni Populus, Elaeagnus, Salix, Tamarix, Glycyrrhiza va b. larning yosh holatlari tahlil qilindi. Bunda 150 dan ortiq geobotanik qaydnomalar toʻldirildi. Tadqiqot hududining floristik va fitosenotik xilma-xilligi oʻrganildi.

Gidroiqlim va xronologiya ma’lumotlarini olish uchun daryo atroflaridagi muhiti va rel’yefi bir xil boʻlgan model daraxtlar tanlab olindi. Yillik halqalar boʻyicha Xalqaro ma’lumotlar bazasi talablariga muvofiq, har bir tanlangan nuqtadan bitta daraxt va har bir daraxtdan ikkitadan yillik halqa namunalari maxsus jihozlar yordamida olindi.

Landsat va Sentinel fazoviy yoʻldoshlari orqali olingan 30 dan ortiq kosmik fotosuratlar kalitli poligonlar bilan solishtirilib, hududlarning konturlari belgilandi.

Amudaryo vohasi toʻqay fitosenozlari bioxilma-xilligi dinamikasining xarakterini baholash va  α- va β-bioxilma-xilligi indekslaridan foydalangan holda oʻsimliklar transformatsiyasining xavotirli indikatorlarini aniqlash uchun ma’lumotlar toʻplandi.

Ekspeditsiyada toʻplangan ma’lumotlar, xronologik tahlillar hamda dominant daraxtlar yillik halqasining oʻrganish asosida mintaqaviy gidroiqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq holda keyingi 100-200 yillar davomida Oʻzbekiston toʻqay oʻrmonlarining oʻzgarish dinamikasi aniqlanadi. Muzliklarning erishi va daryo vodiysi toʻqay massivlari maydonining oʻzgarishi orasidagi korrelyatsion bogʻliqlik asoslab beriladi. Kelgusida toʻqay oʻsimliklari holatining oʻzgarishini aks ettiruvchi matematik model yaratiladi. Masofadan zondlash ma’lumotlarini tahlil qilish asosida fragmentlashgan ekosistemaning antropogen transformatsiyasi bosqichlari koʻrsatiladi. Fitosenoz tuzilishining oʻzgarish qonuniyatlarini har xil ekologik gradientlarda: bioiqlim, edafik, antropogen transformatsiya va model turlarning tarqalish imkoniyatlarini, ularning “iqlim konverti” modelini loyiha hududida aniqlash ushbu tadqiqotning muhim natijalaridan biridir. Edifikatorlarning potensial arealining iqlim ssenariylari boʻyicha modellashtirish toʻqay oʻsimliklar qoplamida kelgusida yuz berishi mumkin boʻlgan oʻzgarishlarni bashoratlash imkonini beradi. Kalitli maydonlardagi oʻsimliklar qoplamining topo-ordinatsion modelini yaratish va eko-fitosenotik xaritasini tuzish toʻqayzorlarni retrospektiv monitoringini oʻtkazishda qoʻllaniladi.

Amalga oshirilgan geobotanik qaydnomalar Oʻzbekiston oʻsimlik jamoalarining ma’lumotlar bazasiga kiritiladi va Oʻzbekiston florasining ekologik shkalasini ishlab chiqishda foydalaniladi.

Dala tadqiqotlaridagi ish jarayoni

dala_tadqiqotlari_01

Amudaryo tabiiy toʻqaylari.  Qizilqum davlat qoʻriqxonasi hududi.

dala_tadqiqotlari_02

Laboratoriya xodimlarining dala sharoitida ilmiy tahlillar uchun ma’lumot toʻplash jarayoni.

dala_tadqiqotlari_03

Qamishli turangʻilzor. Qizilqum davlat qoʻriqxonasi hududi.

dala_tadqiqotlari_04

Shirinmiyali-yulgʻunzor. Romitan tumani Gugurtli qishlogʻi yaqinidagi toʻqayzor.

dala_tadqiqotlari_05

Endigina unib chiqqan jiyda nihollari (Elaeagnus angustifolia). Tuproqqal’a tumani hududi.

dala_tadqiqotlari_06

Yoz oylari Amudaryo suvi sathi koʻtarilib toʻqay oʻrmonlarini 1,5 metrgacha suv bosadi.

dala_tadqiqotlari_07

Dominant daraxtlar yillik halqasining oʻrganilishi, Oʻzbekiston toʻqay oʻrmonlarining oʻzgarish dinamikasini aniqlash uchun model daraxtlardan namunalar olish jarayoni. Qizilqum davlat qoʻriqxonasi.

dala_tadqiqotlari_08

Ilmiy safar davomida uchratilgan yirik tanali turangʻil terak (Populus pruinosa Schrenk). Quyi-Amudaryo davlat biosfera rezervati hududi.

dala_tadqiqotlari_09

Har xil oʻtli-turangʻilli-jiydazor jamoasi. Nazarxon toʻqay hududi.

dala_tadqiqotlari_10

Jingʻilli-terakzor. Quyi-Amudaryo davlat biosfera rezervati hududi.

dala_tadqiqotlari_11

Tajriba maydonlarida oʻsimlik turlarini sanash, morfologik koʻrsatkichlarini qayd qilish jarayoni. Quyi-Amudaryo davlat biosfera rezervati hududi.

dala_tadqiqotlari_12

Jiydali-terakzor jamoasini yongʻinga qarshi yoʻlak ajratib turibdi. Quyi-Amudaryo davlat biosfera rezervati hududi.

dala_tadqiqotlari_13

Quyi-Amudaryo davlat biosfera rezervati hududida muhofaza qilinayotgan Buxoro bugʻusi-xongul.

dala_tadqiqotlari_14

Amudaryo sohiliga yaqin joydagi  ekspeditsiya lageri. Qizilqum davlat qoʻriqxonasi.