O‘zR FA Botanika instituti Mikologiya va algologiya laboratoriyasi katta ilmiy xodimlari I.M. Mustafayev, M.M. Iminova va tayanch doktorant Z.Sh. Islomiddinov tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Tibbiyot bosh boshqarmasining Sanitariya-epidemiologiya nazorati boshqarmasi xodimlari uchun “O‘zbekiston hududida tarqalgan makrozamburug‘lar xilma-xilligi” mavzusida ilmiy seminar o‘tkazildi.

Ushbu seminarda O‘zbekistonda tarqalgan iste’molbop, zaharli va dorivor zamburug‘ turlari bo‘yicha qiziqarli ilmiy ma’lumotlar berildi. Jumladan, bahor mavsumida mahalliy aholi tomonidan iste’molbop zamburug‘larni terilishi, iste’molbop va zaharli zamburug‘lar o‘rtasidagi o‘xshash va farqlanuvchi belgilar, ularni ajratish va boshqa shu singari ularni qiziqtirgan masalalar bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.

Seminar qatnashchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblarni olishdi va kelgusida Respublikamiz hududidagi tarqalgan iste’molbop va zaharli zamburug‘larni tadqiq etish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish zarurligi to‘g‘risida fikr mulohazalarini bayon qilishdi.

