O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti Yosh olimlar kengashining aprel oyidagi ilmiy seminari bo‘lib o‘tdi. Ilmiy seminarda tayanch doktorantlar E.A. Ortikov, va D.N. Jamalovalar o‘zlarining ilmiy tadqiqotlari doirasida ma’ruza qilishdi.

E.A. Ortikov: “O‘zbekiston florasida tarqalgan irislar morfologik jihatdan o‘ziga xos va turlarga boy bo‘lib, shu vaqtga qadar ular tashqi morfologik belgilariga tayangan holda identifikatsiya qilingan. Tabiiyki, to‘liq genom ketma ketliklariga asoslangan tahlillar bu turkum turlarining Iridaceae oilasi ichidagi filogenetik o‘rni, biogeografiyasi, divergensiya vaqtlarini molekulyar filogenetik tahlillar, mazkur turkum evolyutsiyani aniqroq tushunishimizga yordam beradi”.

Turlarni identifikatsiya qilishda an’anaviy uslublarga tayangan holda, morfologik belgilarga ko‘ra (gul, barg, poya va h.k), yoki kimyoviy tarkibiga ko‘ra (alkaloid, flavonoid, kumarin) turni aniqlash har doim ham kutilgan natijani va aniqlikni bermaydi. Bunday hollarda turlarni identifikatsiya qilishda genomning qisqa standart ketma-ketliklaridan (DNK) foydalanish eng maqbul usul sanaladi.

D.N. Jamalova O‘zbekistonda tarqalgan Ferula L. turkumiga mansub 2 dorivor tur, Ferula tadshikorum hamda Ferula sumbul o‘simligini in vitro sharoitida mikroklonal ko‘paytirish ishlari amalga oshirilayotgani, turkum turlarini klonal ko‘paytirishda ularda morfogenez jarayoni bilvosita somatoembriogenez orqali sodir bo‘lishi bo‘yicha asosli ilmiy ma’lumotlar berdi.


Munozaralarga boy bo‘lgan Ilmiy seminarda ishtirokchilar ilmiy tadqiqotchilarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar va tadqiqotlar natijadorligini oshirish bo‘yicha o‘z takliflarini berishdi.

