Joriy yilning 8-iyunida Jizzax davlat pedagogika universitetida “Biologiyaning dolzarb muammolari: fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.
Ushbu muhim ilmiy-amaliy anjumanda respublikamizning taniqli olimlari, tadqiqotchilar, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar biologiya sohasidagi ilmiy tadqiqotlari, taʼlim amaliyotlari, fan va ta’limni integratsiyalash yoʻllarini oʻrganish kabi dolzarb masalalarni muhokama qilishish uchun yig‘ilishdi.
Plenar ma’ruzalarda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti direktori akademik K.Sh. Tojibayevning “Jizzax viloyati yuksak o‘simliklari: o‘rganilish darajasi, takomillashtirish istiqbollari hamda fan va ta’lim integratsiyasi” mavzusidagi ma’ruzasida ilm-fan va ta’lim integratsiyasi hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi. U botanika sohasida amalga oshirilayotgan grantlarga alohida to‘xtalib o‘tdi va kelgusidagi hamkorlik uchun rejalashtirilgan strategik vazifalarni muhokama qildi.


Botanika instituti direktor o‘rinbosari b.f.d. F.I.Karimov “Yangi avlod floristik tadqiqotlar va ularning mintaqaviy biologik xilma-xillikni muhofaza qilishdagi o‘rni” mavzusidagi qiziqarli ma’ruzasi bilan ishtirok etdi.


Seksiyalar bo‘yicha davom etgan sho‘balar yig‘ilishda katta ilmiy xodim N.E.Daminova “Toshkent viloyati dendroflorasining xilma-xilligi va kamyob turlari” mavzusida, kichik ilmiy xodim J.S.Sadinov “Shimoliy-G‘arbiy Qizilqum yaylovlari va undan oqilona foydalanish” mavzusida, Toshkent Botanika bog‘i kichik ilmiy xodimi A.T. Xazratov esa “In vitro kulturasida botanika bog‘i kolleksiyasining qimmatli namunlarini baqaror ko‘paytirish uchun ilmiy asoslarni ishlab chiqish” mavzusidagi dolzarb masalalarda taqdimot qilishdi.


Bundan tashqari Botanika institutidan ko‘plab ilmiy xodimlar o‘zlarining tadqiqot natijalarini mazkur konferensiya materiallari to‘plamida e’lon qilishdi.

Ushbu konferensiya biologik tadqiqotlar va uni qo‘llashni rivojlantirishga qaratilgan mazmunli munozaralar, bilim almashish va hamkorlikni rivojlantirish uchun platforma bo‘ldi.

