Botanika institutida Yosh olimlar Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda institutning yosh ilmiy xodimlari va doktorantlari o‘z ilmiy tadqiqot mavzulari yuzasidan taqdimotlar qildilar. Tadbir yosh olimlarning tajriba almashishi, ilmiy faoliyatida dolzarb masalalarni muhokama qilish va istiqbolli vazifalarni belgilab olish maqsadida tashkil etildi, shuningdek, doktorantlarning dissertatsiya tadqiqotlari natijalariga qaratildi.

Tadbir davomida quyidagi yo‘nalishlarda ilmiy ishlarning natijalari va yondashuvlar muhokama qilindi.

Oxytropis turkumi bo‘yicha taksonomik va geografik tahlil: O‘zbekiston florasida ushbu turkumning biologik xilma-xilligi, tarqalishi va evolyutsion xususiyatlari o‘rganildi. Bu tadqiqotlar ekologik monitoringni kuchaytirishga va noyob o‘simlik turlarini muhofaza qilishga xizmat qiladi. Qizil kitobga kiritilgan o‘simlik turlarini asrash va ularning yashash muhitini tiklash bo‘yicha chora-tadbirlar taqdim etildi.

Aegilops turkumi turlarining fitosenozlari, ontogenezi va vitalitetini baholash: Aegilops turkumiga kiruvchi o‘simliklar yashash muhiti, jamoalar tarkibi va hayotiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha chuqur ilmiy tahlillar olib borildi.

Orol dengizi qurigan tubi o‘simliklar qoplamining landshaftlar interferensiyasiga bog‘liq o‘zgarish xususiyatlari: ekologik fojiadan keyingi hududlarda yangi landshaftlarning shakllanishi va o‘simliklar jamoasining rivojlanishi o‘rganildi.

O’zbekistonda Medicago sativa populyatsiyasining zamonaviy holati va yaylovlarining tavsifi: cho‘l va yarim cho‘l hududlarda beda (Medicago) asosiy o‘simlik sifatida shakllangan jamoalarning ekologik va fitosenotik xususiyatlari, populyatsiyalarining zamonaviy holati ko‘rib chiqildi.

Mikologik tadqiqotlar: O‘zbekiston hududida zararli zamburug‘ turlarining bioxilma-xilligi va qishloq xo‘jaligida ulardan himoyalanish bo‘yicha qiziqarli ma’lumotlar bilan bo‘lishildi.

O‘zbekiston florasidagi Elymus turkumi tahlili: Elymus turkumidagi o‘simliklarning ekologik xususiyatlari va genetik xilma-xilligi, emperik tadqiqotlar o‘rganildi.

Ko‘histon botanik–geografik okrugining dendroflorasi: O‘zbekistonning tog‘li hududlarida o‘simliklarning xilma-xilligi va ularning ekologik ahamiyati bo‘yicha qiziqarli ma’lumotlar taqdim etildi.
Yosh olimlar tomonidan qo‘llanilayotgan zamonaviy usullar, jumladan, masofadan zondlash texnologiyalari, geoinformatsion tizimlar (GIS) va ekologik modellash usullari keng muhokama qilindi. Bu texnologiyalar o‘simlik qoplamining holatini tahlil qilish, resurslarni boshqarish, kamyob turlarni muhofaza qilish va barqaror rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur taqdimotlar Yosh olimlar Kengashi doirasida o‘zaro muloqot muhitini yaratdi. Ilmiy xodimlar tomonidan bildirilgan fikr va takliflar, dolzarb tadqiqotlar ustida ishlash imkoniyatlarini kengaytirish, yosh olimlarning ilmiy salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Yosh olimlar Kengashi yig‘ilishlari Botanika institutida nafaqat ilmiy muammolarni hal qilish, balki ilm-fan va amaliyot o‘rtasidagi integratsiyani kuchaytirish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qilmoqda.
Tadbir so‘ngida institut ilmiy kotibi U.H.Qodirov va Yosh olimlar Kengashi raisi Z.Z. Qosimovlar yosh olimlarning faol ishtiroki uchun minnatdorchilik bildirilib, keyingi uchrashuvlarda yangi g‘oya va tadqiqotlarni muhokama qilish rejalashtirildi.

