2025-yil 14–18-may kunlari Xitoyning Chanchun Chinese Medicine universiteti professori Mengmeng Sun boshchiligidagi ilmiy delegatsiya O‘zR FA Botanika institutiga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida xitoylik olimlar – Huang Mixue va Wang Meng ishtirokida xalqaro ilmiy hamkorlik bo‘yicha yangi loyiha taqdimoti o‘tkazildi. Taqdimotda institut direktori akademik K.Sh. Tojibayev, professor Mengmeng Sun hamda laboratoriya mudiri Yusupov Z.O. loyiha mazmuni, maqsadi, rejalar va kutilayotgan natijalar haqida batafsil axborot berdi.


Tomonlar “O‘zbekiston–Xitoy” innovatsion loyihasini birgalikda ishlab chiqish, uni tanlovga taqdim etish va ilmiy-tadqiqot ishlari doirasida uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar. Loyiha O‘zbekistonning ilmiy salohiyatini oshirish, biologik xilma-xillikni chuqur o‘rganish hamda yangi texnologiyalarni joriy etishni ko‘zda tutadi.
Uchrashuv chog‘ida ikki tomon o‘zaro tajriba almashish, mutaxassislar ishtirokidagi seminarlar va qo‘shma izlanishlarni yo‘lga qo‘yish masalalarini ham muhokama qilishdi.


