O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Xitoy olimlari hamkorligida yurtimizda biologik xilma-xillikni o‘rganishga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy izlanishlar natijasida fan uchun mutlaqo yangi o‘simlik turi – Elymus uzbekistanicus (suliboshlar turkumi, Poaceae oilasi) fanga kiritildi.
Yangi turning aniqlanishi klassik morfologik tahlillar bilan bir qatorda, xloroplast va yadroviy DNK ketma-ketligi asosida olib borilgan genetik tahlillar orqali tasdiqlandi. Elymus uzbekistanicus o‘zining morfologik tavsifi, ekologik-hududiy tarqalishi, yuqori aniqlikdagi tasvirlari hamda ilmiy identifikatsiya kaliti (dixotomik aniqlagich) bilan birga xalqaro ilmiy hamjamiyatga taqdim etildi.


Elymus uzbekistanicus – o‘z nomi bilan yurtimiz sharafiga atab nomlangan bo‘lib, bu kashfiyot nafaqat O‘zbekiston florasining boyligini, balki xalqaro miqyosda yurtimiz ilm-fanining nufuzi ortib borayotganini anglatadi.
Bu so‘nggi 57 yil ichida Poaceae (boshoqdoshlar) oilasidan O‘zbekistonda aniqlangan birinchi yangi turning fanga kiritilishi hisoblanadi. Yangi tur O‘zbekiston Milliy gerbariy fondi (TASH) asosida aniqlangani bilan muhim ilmiy va tarixiy ahamiyatga ega.
O‘zbekiston Milliy gerbariyi (TASH) fondi — bu noyob ilmiy xazina. Aynan shu fondda saqlangan o‘simlik namunasi asosida yangi tur aniqlangani, uning ilmiy qiymatini yanada oshiradi. Bu gerbariy fondi nafaqat ilmiy tadqiqotlar uchun, balki tabiatimiz va tariximizning tirik guvohi sifatida bebaho meros hisoblanadi.
Shuningdek, ushbu turkum doirasida olib borilgan tadqiqotlar natijasida O‘zbekiston florasi uchun yana ikki yangi tur — Elymus lachnophyllus (https://doi.org/10.3897/phytokeys.257.142950) va Elymus macrochaetus (https://doi.org/10.14258/turczaninowia.27.4.6) — qayd etildi.
Botanika instituti ilmiy jamoasi bu kabi yutuqlar orqali O‘zbekiston florasini global ilm-fan xaritasida yanada yuksaltirish, milliy tabiiy merosimizni chuqur o‘rganish va asrash yo‘lida faol harakat qilmoqda. Tadqiqot natijalari dunyoning nufuzli ilmiy jurnallaridan biri — PhytoKeys sahifalarida e’lon qilindi (phytoKeys.pensoft.net/article/142950).

