Joriy yilning 9-13 iyun kunlari Janubiy Koreya poytaxti Seul shahrida Botanika bog‘larida ta’lim bo‘yicha 11-Xalqaro Kongress (ICEBG) bo‘lib o‘tdi.
Mazkur nufuzli anjuman Koreya Milliy Arboretumi (KNA) tomonidan tashkil etildi va unda butun dunyodan yetakchi botanika bog‘lari rahbarlari, olimlar, tadqiqotchilar va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdilar.
Ushbu xalqaro kongressda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti direktori, akademik Komiljon Tojibayev, Toshkent Botanika bog‘i direktori Sodiqjon Abdinazarov va Dendrologiya laboratoriyasi mudiri Eldor Temirov, DSc doktorantlar Dilmurod Maxmudjanov va In’omjon Jo‘ramurodov O‘zbekiston nomidan ishtirok etdilar.

Kongress doirasida Koreya va Markaziy Osiyo davlatlari — Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikning yangi bosqichi boshlab berildi.
Tadbir davomida quyidagi asosiy yo‘nalishlar belgilab olindi:
“Markaziy Osiyo Yashil Yo‘li” loyihasining 3-bosqichi rasman boshlandi;
Mintaqaviy resurs o‘simlik turlarini chuqur o‘rganish va ularni amaliyotga tatbiq etish yo‘nalishida kelishuvlarga erishildi;
Biologik xilma-xillikni saqlash va ta’limiy-amaliy dasturlarni rivojlantirish bo‘yicha xalqaro tajriba almashildi;
CABCN (Central Asia Botanic Garden Collaborative Network) doirasidagi hamkorlikni mustahkamlash va qo‘shma ilmiy loyihalarni kengaytirish istiqbollari belgilandi;
Resurs o‘simliklar bo‘yicha maqsadli turlar va ularning mintaqaviy ekologik ahamiyati muhokama qilindi.

Mazkur kongress natijalari nafaqat ilmiy hamjamiyat uchun, balki Markaziy Osiyo mintaqasining ekologik barqarorligi va biologik xilma-xilligini saqlash borasidagi strategik maqsadlar uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Bundan tashqari ushbu safar davomida Botanika instituti xodimlari PhD, I.J. Joʻramurodov va PhD, D.I. Maxmudjanovlar Koreya Biofan va biotexnologiya tadqiqot institutiga ham tashrif buyurishdi. Ushbu tashrif davomida xodimlarimiz Botanika institutida amalga oshirilayotgan loyihalar va oʻzlarining tadqiqot yoʻnalishlari boʻyicha ilmiy seminar tashkil qilishdi.



O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti xalqaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va milliy floramizni chuqur o‘rganishda faol ishtirok etishda davom etmoqda.


