2025-yil 14-iyundan 14-iyulgacha bo‘lgan davr mobaynida (30 kun) O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti “O‘simliklar tabiiy resurslari kadastri va populyatsion biologiyasi” laboratoriyasi mudiri O.S. Abduraimov Jahon bankining MUNIS fondi doirasidagi ilmiy dastur asosida Gollandiyaning nufuzli Wageningen universiteti huzuridagi Genetic Resources Centre (CGN) markazida ilmiy stajirovka amalga oshirildi.

 

1

Wageningen universiteti Centre Genetic Resources (CGN) markazi

 

Ilmiy stajirovka Gollandiyaning Wageningen universiteti qoshidagi Genetic Resources Centre (CGN) markazida taniqli olim, professor Theo van Hintum rahbarligida amalga oshirildi. Ilmi safarning asosiy maqsadi — genetik resurs sifatida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan o‘simlik turlaridan, ya’ni madaniy o‘simliklarning yovvoyi ajdodlaridan samarali foydalanish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni o‘rganishdan iborat bo‘ldi. Shu bilan birga, ushbu turlarni oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdagi roli, ularning iqtisodiy potensialini aniqlash, shuningdek, ularni muhofaza qilish va saqlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish ustuvor yo‘nalish sifatida ko‘zda tutilgan.

Mazkur stajirovka davomida olingan bilim va tajriba O‘zbekiston hududida mavjud  madaniy o‘simliklarning yovvoyi ajdodlarini o‘rganish, ularning genofondini saqlash va barqaror foydalanishni ta’minlash borasida zamonaviy yondashuvlarni joriy etishda muhim ilmiy-amaliy asos bo‘lib xizmat qiladi.

2

Centre Genetic Resources (CGN) markazi ilmiy xodimlari

Ilmiy safar davomida dastlab laboratoriya sharoitida o‘simlik genetik resurslarini o‘rganishga qaratilgan nazariy va amaliy tadqiqotlar olib borildi. Jumladan, urug‘ banklarida urug‘larning unuvchanligi, saqlanuvchanligi hamda ularni ex situ sharoitida uzoq muddat saqlab qolish usullari chuqur o‘rganildi. Tadqiqotlar jarayonida genetik xilma-xillikni asrashning global ahamiyati, ayniqsa, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va ocharchilikka qarshi kurashishdagi strategik roli bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar shakllantirildi. Ushbu bilim va tajribalar barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va kelajak avlodlar uchun biologik resurslarni saqlab qolishda muhim omil hisoblanadi.

3

Urug‘larning genetik banki va ularning unuvchanligi

 

Ma’lumki, o‘simlik genetik resurslarini saqlab qolishda kolleksiya maydonlari muhim ilmiy-amaliy ahamiyatga ega. Ayniqsa, yovvoyi o‘simlik turlarining genofondini o‘rganish va asrash maqsadida tashkil etilgan bunday maydonlar noyob genetik xilma-xillikni saqlashda asosiy vositalardan biri hisoblanadi. Ilmiy safar davomida O‘rta Osiyo hududlaridan keltirilgan olma turlarining yovvoyi ajdodlariga asoslangan kolleksiya maydonlarida kuzatuv va tahlil ishlari amalga oshirildi. Ushbu tadqiqotlar professor Willem van Dooijeweert rahbarligida olib borildi. Mazkur kolleksiya 50 dan ortiq olma navlarini o‘z ichiga oladi, ulardan O‘rta Osiyo mintaqasiga oid namunalar o‘zining noyob genetik xususiyatlari bilan ajralib turadi. Bu esa mintaqaviy genetik resurslarning global ahamiyatini yana bir bor tasdiqlaydi va ularni asrab-avaylash zarurligini ta’kidlaydi.

 4

Centre Genetic Resources (CGN) markazining olma (Malus) kolleksiyasi

 

Ilmiy safar davomida Gollandiyaning tabiiy hududlari, jumladan, muhofaza etiladigan maxsus hududlarda dala tadqiqotlari amalga oshirildi. Tadqiqot ishlari taniqli professor Joop Schaminé (h-index 39) bilan hamkorlikda olib borildi. Dala tadqiqotlari doirasida madaniy o‘simliklarning yovvoyi ajdodlariga oid tabiiy populyatsiyalar hamda noyob va kamyob o‘simlik turlarining ekologik va floristik tahlili amalga oshirildi. Bu tadqiqotlar biologik xilma-xilligini o‘rganish, shuningdek, genetik resurslarni saqlab qolish va ulardan barqaror foydalanish strategiyalarini ishlab chiqishda muhim ilmiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

 5

Dala tadqiqotlaridan lavhalar

 

O‘simlik genetik resurslarini saqlash va ulardan samarali foydalanishda xalqaro hamkorlik, urug‘ almashinuvi hamda ilmiy konferensiyalarning ahamiyati muhim hisoblanadi. Shu maqsadda amalga oshirilgan ilmiy safar davomida, Gollandiyada har yili o‘tkaziladigan nufuzli SeedNL forumida (2025) ishtirok etildi. Ushbu xalqaro tadbir — o‘simlik genetikasi, urug‘chilik va resurslarni boshqarish sohasida dunyoning yetakchi olimlari, mutaxassislari hamda tashkilotlarini bir joyga jamlaydigan muhim ilmiy platforma hisoblanadi. Forum doirasida nafaqat ilg‘or tajribalar bilan tanishildi, balki o‘simliklarning genetik resurslarini saqlash, ulardan barqaror va innovatsion foydalanish masalalarida chuqur bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lindi. Shuningdek, Nagoya protokoli bo‘yicha mavjud xalqaro yondashuvlar, resurslardan foydalanish va ularni taqsimlashga oid huquqiy-me’yoriy mexanizmlar o‘rganildi. Tadbir davomida bir qator yetakchi olimlar bilan ilmiy aloqalar o‘rnatildi, bu esa keyingi bosqichda hamkorlikdagi loyihalarni yo‘lga qo‘yish uchun mustahkam zamin yaratadi.

6

SeedNL forumidan lavhalar

 

Ilmiy safar davomida quyidagi natijalarga erishildi:

Genetik resurs sifatida ahamiyatga ega bo‘lgan o‘simlik turlaridan (madaniy o‘simliklarning yovvoyi ajdodlari) foydalanish, ularning iqtisodiy salohiyatini aniqlash hamda ularni muhofaza qilish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqildi;

Olingan ilmiy natijalar tahliliga asoslanib, yuqori impakt faktorli (Scopus va Web of Science) xalqaro ilmiy jurnallarda maqolalar chop etish uchun yil yakuniga qadar nashrga topshirish rejalashtirildi;

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti hamda Niderlandiyaning Wageningen universiteti huzuridagi Genetic Resources Centre o‘rtasida o‘simliklarning genetik resurslari va ularni muhofaza qilish yo‘nalishida ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, uni yanada jadallashtirish, shuningdek, qo‘shma ilmiy loyihalarni shakllantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.