2025-yil avgust oyida Tojikistonning Dushanbe shahrida “Varzob tog‘-botanika stansiyasi “Kondara” hududida biologik xilma-xillikni o‘rganish mavzusidagi xalqaro ilmiy seminar bo‘lib o‘tdi. MDH mamlakatlarining yosh va yetuk olimlari ishtirok etgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti vakillari ham faol qatnashdilar.
Seminar xalqaro tajriba almashish, yangi ilmiy aloqalar o‘rnatish va innovatsion tadqiqot usullarini o‘rganish uchun muhim platforma bo‘ldi. Ayniqsa, yosh tadqiqotchilar uchun o‘z ishlarini dunyo miqyosidagi olimlar oldida taqdim etish, hamkorlik qilish va kelajakdagi loyihalarni rejalashtirish imkoniyati yaratildi. Tadbirga jami 50 dan ortiq ilmiy xodim ishtirok etdi.

Botanika instituti yosh tadqiqotchilari o‘z ilmiy ishlarini xalqaro auditoriyaga taqdim etdilar:
I. Ergashev – “Allium subgenus Melanocrommyum” (Amaryllidaceae) turkumining molekulyar filogeniyasi va biogeografiyasi;
Z.A. Raximjonova – O‘zbekistonda Nepeta L. jinsining florasi bo‘yicha tadqiqotlar;
J.A. Isomov – Nurota qo‘riqxonasining tabiiy ekotizimlari tasnifi;
O.B. Razzaqova – Markaziy Osiyo florasining taksonomik xilma-xilligi va geografik tarqalishi.
Bu chiqishlar O‘zbekiston flora boyligini chuqurroq yoritib berish, mintaqaviy o‘simliklar sistematikasini ilmiy asosda tushuntirishda muhim rol o‘ynadi.
Seminar ishtirokchilari Xisor tizmasi (Kondara) va Qaratog‘ (Temurdara) hududlarida dala ekspeditsiyalarini tashkil etib, Tojikiston Fanlar Akademiyasi muzeylaridagi noyob botanik kolleksiyalarni ko‘rib katta taassurotlar bilan chiqishdi.
Seminar 23–24 avgust kunlari yakunlandi va barcha ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi. Tadbir mintaqaviy botanika sohasidagi hamkorlikni mustahkamladi va yangi ilmiy yo‘nalishlarni rivojlantirishga yordam berdi. Botanika instituti yosh olimlari uchun bu seminar qimmatli tajriba bo‘ldi va xalqaro loyihalarni amalga oshirish uchun asos yaratdi.


