Jahon bankining “MUNIS” (O‘zbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish) jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilgan PRIM 01-11 loyihasi doirasida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy tashkilotlar uchun 2040-yilgacha bo‘lgan rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish yuzasidan xalqaro trening bo‘lib o‘tdi.

Mazkur treningda ilmiy tashkilotlar strategik rivojlanishini belgilashda asos bo‘luvchi muvafaqqiyatli xorijiy modellar tahlil qilindi. Xorijiy andozalar, innovatsion boshqaruv asosida hozirda samarali faoliyat yuritayotgan Botanika instituti misolida akademik K. Sh. Tojibayev ham institut tajribasi misolida tayyorlangan taqdimot bilan qatnashdi.

Botanika instituti direktori o‘z chiqishida quyidagi dolzarb va strategik masalalarga alohida e’tibor qaratdi:

Ilmiy xodimlar faoliyatini baholashda KPI tizimi: Uskunaviy, metodik va ilmiy samaradorlik asosida individual baholash tizimini taklif qildi.

Rivojlanish strategiyasi: Institutning 2025–2040 yillarga mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari, jumladan xalqaro grantlar jalb qilish, hamkorlik tarmoqlarini kengaytirish.

Yangi ilmiy laboratoriyalar va texnologiyalar: Zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan laboratoriyalar tashkil etilishi va ularning konkret tadqiqotlarda qo‘llanishi misollar bilan bayon qilindi.

Yuqori impakt-faktorga ega jurnallarda maqola chop etish: Institut xodimlari uchun nashriy faoliyatni rag‘batlantirish usullari va rejalar taqdim etildi.

Ilmiy yo‘nalishlarni diversifikatsiya qilish: Ekosistem tadqiqotlari, genetik monitoring, biologik xilma xillik, va o‘simlik resurslarini raqamlashtirish kabi yangi yo‘nalishlar muhokama qilindi.

2

Mazkur treningda Fanlar akademiyasi ilmiy tashkilotlari rahbarlari, jumladan vitse-prezidentlar S. Mirzaev, Sh. Turdikulova, B. Abduxalilov ishtirok etdi. Ular tomonidan ilmiy muassasalar faoliyatini xalqaro mezonlarga moslashtirish, boshqaruv samaradorligini oshirish va ilmiy mahsulotlarni tijoratlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Botanika instituti direktori tomonidan taqdim etilgan g‘oyalar va takliflar hamkor tashkilotlar, Fanlar akademiyasi rahbariyati hamda trening ishtirokchilari tomonidan yuqori baholandi. Ularning ommalashtirilishi va boshqa ilmiy muassasalar uchun namunaviy model sifatida qo‘llanilishi maqsadga muvofiq ekani ta’kidlandi.

Institutimiz rahbariyati ilgari surayotgan ilmiy boshqaruvdagi innovatsion yondashuvlar nafaqat ichki samaradorlikni oshirish, balki O‘zbekiston fanining xalqaro maydondagi raqobatbardoshligini kuchaytirishga xizmat qiladi.

3