2026-yil 27-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti majlislar zalida yosh olimlarning navbatdagi seminari bo‘lib o‘tdi. Tadbirda 35 nafardan ortiq yosh ilmiy xodim ishtirok etdi. Seminar davomida muhokama qilingan masalalar uchta asosiy yo‘nalish bo‘yicha ko‘rib chiqildi.
Dastlab, Yosh olimlar kengashi (YOK) a’zolarining tarkibi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, institutda faoliyat yuritayotgan 39 nafar yosh olim YOK a’zolari sifatida tasdiqlab olindi. Shuningdek, yig‘ilish davomida YOK kengashiga taqdim etiladigan masalalar bo‘yicha qarorlar Telegram guruhi orqali, YOK a’zolari o‘rtasida yashirin ovoz berish yo‘li bilan qabul qilinishi to‘g‘risida kelishib olindi.

Shundan so‘ng ma’ruzalarga navbat berildi.
Dastlabki ma’ruza O‘zbekiston florasi laboratoriyasi xodimi, 2-bosqich tayanch doktorant Hamrayev Diyorjon Xonnazar o‘g‘li tomonidan “Oqtog‘ botanik-geografik rayoni florasining geofazoviy tahlili” mavzusida taqdim etildi. Ma’ruzachi dissertatsiya ishi doirasida 2025-yilda amalga oshirilgan tadqiqot natijalari haqida batafsil ma’lumot berdi. Ma’ruza yakunida qizg‘in savol-javoblar bo‘lib o‘tdi.
Shundan so‘ng D.X. Hamrayevning ma’ruzasi yuzasidan YOK a’zolari o‘rtasida ovoz berish o‘tkazildi. Ovoz berish natijalariga ko‘ra, YOK a’zolarining 94 foizi D.X. Hamrayev tomonidan 2025-yilda amalga oshirilgan ishlarni muhokamadan o‘tgan deb baholashga rozilik bildirdi.

Keyingi ma’ruza Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti tayanch doktoranti Mallayev Muslim Xushnazar o‘g‘li tomonidan “Surxon davlat qo‘riqxonasi yuksak o‘simliklarida mikromitsetlar va asosiy patogenlarning o‘simliklarga ta’siri” mavzusida taqdim etildi. Mazkur ma’ruza dissertatsiya ishining YOKdagi rasmiy muhokamasi sifatida ko‘rib chiqilgani alohida ta’kidlandi. Shu bois, savol-javoblar jarayoni nisbatan qizg‘in va uzoq davom etdi.
Ma’ruza yakunida M.X. Mallayevning dissertatsiya ishi yuzasidan YOK a’zolari o‘rtasida ovoz berish o‘tkazildi. Natijalarga ko‘ra, YOK a’zolarining 60 foizi mazkur ishni muhokamadan o‘tgan deb baholashga rozilik bildirdi (33 foiz betaraf, 7 foiz qarshi).

Keyingi ma’ruza O‘zbekiston florasi laboratoriyasi kichik ilmiy xodimi, PhD Aliyeva Kumush tomonidan taqdim etildi. Ma’ruza davomida K. Aliyevaning MUNIS № PRIM 01-19-sonli shartnoma doirasida Qirg‘iziston, Tojikiston va Rossiya davlatlarida amalga oshirgan stajirovkalari bo‘yicha hisoboti tinglandi. Mazkur hisobot ishi Yosh olimlar kengashi (YOK) a’zolari o‘rtasida o‘tkazilgan ovoz berish natijalariga ko‘ra 100 foiz ovoz bilan qabul qilindi.
Kun tartibidagi so‘nggi ma’ruza Toshkent Botanika bog‘i Dendrologiya laboratoriyasi xodimi J.J. Jo‘raqulov tomonidan “O‘zbekistonda Monilinia turkumi turlari” mavzusida taqdim etildi. Ushbu ma’ruza ham dissertatsiya ishining YOKdagi muhokamasi sifatida ko‘rib chiqildi. Ma’ruza yuzasidan ko‘plab savol-javoblar bo‘lib o‘tdi.
Shundan so‘ng J.J. Jo‘raqulovning dissertatsiya ishi yuzasidan YOK a’zolari o‘rtasida ovoz berish o‘tkazildi. Ovoz berish natijalariga ko‘ra, YOK a’zolarining 62 foizi mazkur ishni muhokamadan o‘tgan deb baholashga rozilik bildirdi (23 foiz betaraf, 15 foiz qarshi).

Kun tartibidagi asosiy masalalar yakunlangach, turli masalalar muhokama qilindi. YOK faoliyati va formatini yanada takomillashtirish maqsadida yosh olimlarning taklif va mulohazalari tinglandi.

