O‘zbekistonda ilmiy tadqiqot institutlari hamda oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biridir. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ilm-fan va ta’lim integratsiyasini kuchaytirishga qaratilgan qaror va farmonlari muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Mazkur hamkorlik ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash hamda zamonaviy ilmiy natijalarni ta’lim jarayoniga joriy etishga xizmat qiladi.
Botanika sohasida so‘nggi yillarda olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar hamda zamonaviy ilmiy yo‘nalishlar haqida talabalarning bilimini boyitish maqsadida Namangan davlat universiteti Biotexnologiya fakultetida taniqli biolog olim bilan uchrashuv tashkil etildi. Tadbirda universitetning sobiq talabasi, bugungi kunda xalqaro miqyosda faoliyat yuritib kelayotgan olim — O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Botanika instituti Molekulyar filogeniya va biogeografiya laboratoriyasi mudiri, biologiya fanlari doktori Ziyoviddin Yusupov ishtirok etdi.

Ziyoviddin Yusupov tomonidan “Allium L. (Amaryllidaceae) turkumining filogeniyasi, biogeografiyasi va evolyutsiyasi” mavzusida ma’ruza taqdim etildi. Mazkur ma’ruzada Allium turkumiga mansub o‘simliklarning kelib chiqishi, evolyutsion rivojlanishi hamda ularning geografik tarqalishi zamonaviy molekulyar usullar asosida yoritib berildi.
Uchrashuv davomida olim talabalar bilan zamonaviy biologiya fanining dolzarb yo‘nalishlari haqida fikr almashdi. Xususan, molekulyar biologiya, genomika hamda botanika sohalarida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar, ushbu yo‘nalishlarning istiqbollari hamda ilmiy izlanishlarni tashkil etish bo‘yicha o‘zining ilmiy va amaliy tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.


Tadbir yakunida professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar va bakalavr bosqichi talabalari tomonidan berilgan savollarga mutaxassis tomonidan batafsil javoblar berildi.

