O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti Geobotanika laboratoriyasi xodimlari tomonidan Buxoro viloyatining janubi-g‘arbiy Qizilqum hududlarida navbatdagi ilmiy ekspeditsiya ishlari amalga oshirildi.

Mazkur tadqiqotlar “Raqamli tabiat” davlat dasturi doirasida bajarilayotgan “Qurg‘oqchil tabiiy-geografik hududlarning ekologik axborotlashtirilgan senoflora fondini yaratish va yaylovlar kadastrining raqamli platformasini ishlab chiqish” mavzusidagi ilmiy loyiha asosida olib borildi.

Ekspeditsiya davomida janubi-g‘arbiy Qizilqum hududida shakllangan o‘simlik jamoalarining hozirgi holati o‘rganildi. Xususan, ularning fitotsenotik tarkibi, dominant va subdominant turlari, landshaft sharoitlari bilan o‘zaro bog‘liqligi hamda geobotanik rayonlar bo‘yicha tarqalish xususiyatlari aniqlashtirildi. Shu bilan birga, yaylov xillarining ekologik holatini baholash va ular bo‘yicha birlamchi kadastr ma’lumotlarini shakllantirish uchun zarur ilmiy materiallar to‘plandi.

Tadqiqot jarayonida o‘simlik jamoalarining fitotsenotik tavsiflari tuzildi, bahorgi mavsum sharoitida dominant turlarning fitomassa ko‘rsatkichlarini aniqlash uchun namunalar olindi, geobotanik qaydnomalar yuritildi. Shuningdek, o‘simlik turlari va landshaftlarning fotohujjatlari tayyorlandi, ayrim o‘simliklardan gerbariy namunalari yig‘ildi hamda kuzatuv nuqtalarining GPS koordinatalari qayd etildi. Bu ma’lumotlar hududning tabiiy resurs salohiyatini aniq baholashda muhim ilmiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

1

Cherkez va juzg‘un ishtirokidagi singrenli–quyrovuqli–boyalishzor jamoasi — tadqiqot hududining cho‘l yaylovlariga xos tabiiy o‘simlik qoplami.

2

Iloqli–efedrali–saksovulzor jamoasi — quruq cho‘l sharoitiga moslashgan saksovul, efedra va iloq turlari ustun bo‘lgan o‘simlik majmuasi.

3

Eremosportonli–juzg‘unli–saksovulzor jamoasi — Qizilqum cho‘llarida kam uchraydigan, ekologik jihatdan o‘ziga xos o‘simlik jamoalaridan biri.

4

Efemerli–singrenli–saksovulzor yaylov xilida bahorgi kuzatuv ishlari. Bahor mavsumida o‘simlik qoplami, yem-xashak holati va yaylovning tabiiy tiklanish jarayonlari o‘rganildi.

5

Artemisia eriocarpa tarqalgan yaylov hududlari. Ushbu tur cho‘l sharoitiga moslashgan yarim butacha bo‘lib, yaylov o‘simlik qoplamining tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi.

 

Janubi-g‘arbiy Qizilqum O‘zbekistonning qurg‘oqchil hududlari ichida o‘ziga xos ekologik sharoiti, yaylov resurslari va cho‘l o‘simliklari xilma-xilligi bilan ajralib turadi. Shu bois bunday hududlarda olib borilayotgan geobotanik tadqiqotlar nafaqat o‘simlik qoplamining zamonaviy holatini ilmiy baholash, balki yaylovlardan oqilona foydalanish, ularni raqamli kadastr asosida boshqarish va ekologik monitoring tizimini takomillashtirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Ekspeditsiya ishlarining nazariy ahamiyati shundaki, ular cho‘l ekotizimlarida o‘simlik jamoalarining tarkibi, tuzilishi, hududiy differensiallanishi va ekologik barqarorligi haqidagi ilmiy tasavvurlarni boyitadi. Olingan natijalar geobotanik rayonlashtirish, fitotsenozlar klassifikatsiyasi, yaylov tiplari va yaylov xillarini ajratish, shuningdek, qurg‘oqchil hududlar o‘simlik qoplamining dinamikasini tushunishda muhim manba hisoblanadi.

Ekspeditsiyaning amaliy ahamiyati esa yanada kengroqdir. Yig‘ilgan dala materiallari asosida hududda tarqalgan yaylovlarning kadastri, yaylovlar xaritasi, mavsumiy foydalanish xaritasi hamda yaylovlar sig‘imi xaritalari tayyorlanadi. Bu esa yaylov resurslarini hududlar kesimida baholash, ulardan me’yoriy va samarali foydalanish, chorva yuklamasini ilmiy asosda belgilash hamda degradatsiya jarayonlarining oldini olishda muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi.

Shuningdek, bunday ekspeditsiyalar natijasida shakllanadigan ma’lumotlar bazasi kelgusida yaylovlarni boshqarish, ekologik monitoringni yo‘lga qo‘yish, raqamli platformalarni boyitish va hududiy tabiatni muhofaza qilish strategiyalarini ishlab chiqishda amaliy ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, GPS koordinatalar, gerbariy namunalar, fotohujjatlar va fitomassa ko‘rsatkichlari birgalikda hududning ilmiy pasportini yaratishga xizmat qiladi.

Ekspeditsiya davomida yig‘ilgan materiallar asosida janubi-g‘arbiy Qizilqum yaylovlari bo‘yicha ilmiy asoslangan ma’lumotlar bazasi boyitiladi hamda hududning ekologik axborotlashtirilgan senoflora fondini shakllantirish ishlari izchil davom ettiriladi.

6

Singren (Astragalus villosissimus) — cho‘l yaylovlarida uchraydigan, chorva mollari tomonidan xush ko‘rib yeyiladigan qimmatli yem-xashak o‘simligi.

7

Jangeldi qishlog‘i atroflarida o‘suvchi uzoq yillik daraxtlardan yog‘ochlik namunalari olindi. Ushbu namunalar hududning iqlimiy va ekologik o‘zgarishlarini dendroxronologik tadqiqotlar asosida o‘rganish uchun xizmat qiladi.

8

Shirbuloq ko‘li hududi. Qizilqumda sizot suvlari va mavsumiy suvlar hisobiga maydoni kengayib borayotgan ushbu ko‘l mahalliy chorvachilikni rivojlantirishda muhim tabiiy omillardan biri bo‘lishi mumkin.

9

Qulay ob-havo sharoitida oq boyalish (Xylosalsola arbuscula) jadal rivojlanadi. Bunday mavsumlarda o‘simlikning vegetativ massasi ortib, yaylovlarning yem-xashak salohiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

10

Amudaryo to‘qay o‘rmonlarining yong‘indan zarar ko‘rgan hududlari. Ushbu maydonlar to‘qay ekotizimlarining tiklanish jarayonlarini baholash va monitoring qilish uchun muhim obyekt hisoblanadi.

11

Ko‘chma qumlardan ixotalangan temiryo‘l hududi. Cho‘l sharoitida qum ko‘chishini cheklash transport infratuzilmasini muhofaza qilish va landshaft barqarorligini saqlashda muhim ahamiyatga ega.

12

Qizil kitobga kiritilgan bo‘z echkemar. Ushbu noyob sudralib yuruvchi tur Qizilqum cho‘l ekotizimining muhim vakillaridan biri bo‘lib, uni muhofaza qilish biologik xilma-xillikni saqlashda alohida ahamiyatga ega.