O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti ilmiy xodimlari tomonidan «O‘zbekistonning transchegaraviy hududlari bioxilma-xillik markazlari va ularning zamonaviy holati» mavzusidagi fundamental loyiha doirasida G‘arbiy Hisor tog‘ tizmasining O‘zbekiston hududidagi transchegaraviy qismlarida o‘simliklar xilma-xilligining zamonaviy holatini o‘rganish, yuksak o‘simliklarning taksonomik tarkibini aniqlash, kamyob va muhofazaga muhtoj turlar populyatsiyalarining holatini baholash hamda kelgusida bioxilma-xillik markazlarini geobog‘langan ma’lumotlar asosida xaritalash uchun zarur dala materiallarini to‘plash maqsadida 2026-yilning 4–9-avgust kunlari O‘zbekistonning transchegaraviy hududlariga ilmiy xizmat safari tashkil etildi.


Dala tadqiqotlari davomida Qashqadaryo viloyatining G‘arbiy Hisor tog‘ tizmasidagi transchegaraviy hududlarga tegishli qismlarda, jumladan, Hisor davlat qo‘riqxonasi hududi, davlat chegarasiga yaqin G‘elon, Shut va Ko‘l qishloqlari atrofi, Oqsuv daryosining yuqori oqimi, hamda unga tutash hududlarda floristik tadqiqotlar olib borildi. Tadqiqotlar davomida belgilangan marshrutlar bo‘ylab o‘simlik turlarining tarqalishi va uchrash holatlari qayd etilib, o‘rganilgan uchastkalar bo‘yicha dala qaydnomalari rasmiylashtirildi hamda tegishli floristik va geobog‘langan ma’lumotlar to‘plandi. Ilmiy ekspeditsiya davomida tadqiqot hududining barcha balandlik mintaqalari monitoringdan o‘tkazilib, tadqiqotlar O‘zbekistonning eng baland qismi, jumladan Xazrati Sulton cho‘qqisigacha (dengiz sathidan 4083 metr) bo‘lgan hududlarni qamrab olish imkonini berdi va mazkur hududlarda o‘simliklar dunyosi obyetktlarining xatlovi amalga oshirildi.



Ekspeditsiya davomida yuksak o‘simliklar tarkibini 5×5 km to‘r tizimida xaritalash va geobog‘langan ma’lumotlarning geofazoviy tahlili asosida transchegaraviy bioxilma-xillikning qaynoq markazlarini aniqlash hamda ularning raqamli xaritalarini yaratish uchun zarur dala materiallari yig‘ildi. Har bir aniqlangan o‘simlik turi bo‘yicha geografik koordinatalar, o‘sish muhiti, ekologik sharoit va tarqalishiga oid ma’lumotlar qayd etildi.

Tadqiqotlar davomida kamyob, endemik va muhofazaga muhtoj o‘simlik turlarini aniqlashga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan Tulipa ingens, Pedicularis grandis, Cousinia allolepis, Komarovia anisosperma, Allium majus, Cousinia campyloraphis hamda boshqa kamyob o‘simlik turlarining yangi o‘sish nuqtalari va populyatsiyalari aniqlandi. Mazkur turlarning lokal populyatsiyalari, o‘sish sharoitlari, tarqalish xususiyatlari hamda populyatsiyalarining holatiga oid dala ma’lumotlari o‘rganildi. Aniqlangan nuqtalarning geografik koordinatalari qayd etildi.

Dala tadqiqotlari davomida hudud florasiga xos bo‘lgan o‘simlik turlaridan gerbariy namunalari yig‘ildi. Har bir namuna bo‘yicha zarur dala ma’lumotlari rasmiylashtirilib, tadqiqot materiallarining ilmiy fondlar va ma’lumotlar bazalarida foydalanilishi uchun tegishli qaydlar amalga oshirildi.
Kamyob turlarni o‘rganishda ularning yashash muhiti, o‘sish sharoiti va populyatsiyalarining holatiga alohida e’tibor qaratildi. Yig‘ilgan ma’lumotlar mazkur turlar populyatsiyalarining zamonaviy holatini baholash, ularning tarqalish areallarini aniqlashtirish va kelgusida muhofaza choralarini ishlab chiqish uchun muhim ilmiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

