O‘zbekistonda ilmiy-tadqiqot institutlari va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, ilm-fan va ta’lim integratsiyasini kuchaytirish davlat ilmiy siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bunday hamkorlik ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish, ilg‘or ilmiy natijalarni ta’lim jarayoniga joriy etish hamda yosh tadqiqotchilarning ilmiy salohiyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Shu maqsadda 2026-yilda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi hamkorligida oliy ta’lim tashkilotlarida Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy tashkilotlar xodimlari ishtirokida mahorat darslari, seminar-treninglar, tematik vebinarlar va onlayn maslahatlashuvlarni tashkil etishga qaratilgan yillik reja-jadval ishlab chiqilgan.
2026-yil 9-sentabr kuni Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti Biologiya fakultetida professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar va talabalar ishtirokida ilmiy seminar bo‘lib o‘tdi. Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti Tabiiy o‘simlik resurslari kadastri va populyatsion biologiyasi laboratoriyasi xodimlari — biologiya fanlari doktori, katta ilmiy xodim Abduraimov Ozodbek, katta ilmiy xodim A.V. Maxmudov hamda kichik ilmiy xodim B.J. Mavlanov ishtirok etdi.
Tadbir davomida Botanika instituti tomonidan olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari, ularning asosiy yo‘nalishlari va ko‘lami haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, mamlakatimiz va xorijda mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan tadqiqotlar, mavjud muammolar hamda ularning ilmiy yechimlari yuzasidan fikr almashildi.

Seminarda professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilarni qiziqtirgan masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Xususan, Scopus va Web of Science xalqaro ilmiy ma’lumotlar bazalarida indekslanuvchi jurnallarda ilmiy maqolalar chop etish, ilmiy-tadqiqot institutlari va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi integratsion hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan dorivor o‘simliklardan samarali va tizimli foydalanish, ushbu yo‘nalishdagi zamonaviy tadqiqotlar hamda Fanlar akademiyasi tizimida olib borilayotgan ilmiy izlanishlar yuzasidan qiziqarli savollar berildi. Mutaxassislar tomonidan berilgan savollarga batafsil javoblar berilib, dorivor o‘simliklar bo‘yicha tadqiqotlarning bugungi holati va istiqbollari haqida ma’lumotlar taqdim etildi.
Tadbir yakunida professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar va bakalavr bosqichi talabalari tomonidan berilgan savollarga mutaxassis tomonidan batafsil javoblar berildi.

Tashrif doirasida Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti Biologiya fakultetida tashkil etilgan gerbariy xonasi bilan tanishildi. Tashrif davomida gerbariyda saqlanayotgan o‘simlik namunalarining ilmiy ahamiyati, ularni yig‘ish, saqlash va tizimlashtirish tartibi haqida ma’lumotlar olindi. Gerbariy fondining hudud florasi va o‘simliklar xilma-xilligini o‘rganishdagi ahamiyati ta’kidlandi. Shuningdek, gerbariy fondini yanada boyitish, mavjud namunalarni raqamlashtirish va ulardan ilmiy tadqiqotlarda samarali foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Mazkur ilmiy seminar Botanika instituti va Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti o‘rtasidagi ilmiy-amaliy hamkorlikni mustahkamlash, ilmiy tajriba almashish hamda biologiya yo‘nalishida tahsil olayotgan yoshlarning ilmiy-tadqiqot faoliyatiga qiziqishini oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi.


