Yoshlarni ilm-fanga jalb etish, ularning ilmiy dunyoqarashini kengaytirish hamda ta’lim va ilmiy-tadqiqot jarayonlari o‘rtasidagi uzviy hamkorlikni mustahkamlash maqsadida Biotexnologiya fakultetida “Akademik va yoshlar uchrashuvi” tashkil etildi.
Namangan davlat universitetida 2026/2027-o‘quv yilida birinchi bosqichga qabul qilingan talabalarni oliy ta’lim muassasasidagi ta’lim jarayoni, universitet hayoti, ilmiy va ijodiy imkoniyatlar, shuningdek, talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishtirishga qaratilgan “Birinchi bosqich maktabi” loyihasi doirasidagi tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.
Mazkur loyiha doirasida Biotexnologiya fakultetida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti direktori, akademik Komiljon Tojibayev ishtirokida talaba-yoshlar bilan uchrashuv tashkil etildi.
Tadbir avvalida akademik Komiljon Tojibayevning ilmiy-pedagogik faoliyati, botanika fanining rivojiga qo‘shayotgan hissasi hamda ilmiy sohadagi yutuqlari haqida talabalarga ma’lumot berildi.
Uchrashuv davomida akademik universitetdan yetishib chiqqan yetuk botanik olimlar, ularning ilmiy faoliyati va botanika fanining rivojiga qo‘shgan hissasi haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, bugungi kunda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Botanika institutida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari, istiqbolli ilmiy loyihalar va zamonaviy tadqiqot yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Akademik tomonidan yosh tadqiqotchilar oldida turgan muhim vazifalarga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, ilmiy izlanishda izchillik va mas’uliyat, zamonaviy ilmiy adabiyotlardan foydalanish, xorijiy tajribani o‘rganish, xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish hamda olingan ilmiy natijalarni amaliyotga tatbiq etishning ahamiyati ta’kidlandi. Shuningdek, talabalarga ilmiy faoliyatni universitet davridan boshlash, o‘z mutaxassisligi bo‘yicha chuqur bilim egallash, ilmiy rahbarlar bilan hamkorlikda tadqiqot olib borish va zamonaviy ilm-fan talablariga mos ko‘nikmalarni shakllantirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.


Talabalar akademik Komiljon Tojibayevga botanika fanining istiqbollari, ilmiy-tadqiqot olib borish jarayoni, olimlik faoliyati, xalqaro hamkorlik, ilmiy loyihalarda ishtirok etish hamda ilmiy natijalarni amaliyotga joriy etish bilan bog‘liq qator savollar bilan murojaat qildilar.




Mazkur uchrashuv “Birinchi bosqich maktabi” loyihasi doirasida talaba-yoshlarni universitetning ilmiy muhiti bilan yaqindan tanishtirish, ularni ilm-fanga qiziqtirish va kelajakda malakali mutaxassis hamda yosh olimlarni tayyorlash borasidagi muhim tadbirlardan biri bo‘ldi.

