O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti olimlari ilm-fan sohasidagi erishilayotgan so‘ngi yutuqlar, yangiliklar, zamonaviy metodlarni ommaviy axborot vositalari, talabalar, magistrantlar, doktorantlar, mustaqil tadqiqotchilar, professor-o‘qituvchilar va boshqa qiziquvchilarga o‘z vaqtida, davriy ravishda yetkazib kelmoqda. Jumladan, Andijon davlat universiteti Ekologiya va botanika kafedrasi professor-o‘qituvchilari va talabalari uchun tashkil qilingan navbatdagi ilmiy-o‘quv seminarda Botanika instituti direktori akademik K.Sh.Tojibayev, O‘zbekiston florasi laboratoriyasi xodimlari hamda doktorantlar qatnashishdi. “Botanikaning hozirgi zamon muammolari va innovatsion tadqiqot usullari” mavzusidagi ilmiy seminarda  “Kamyob va yo‘qolib borayotgan o‘simlik turlarini IUCN mezonlari asosida baholash”, “Zamonaviy metodlar yordamida o‘simliklar biogeografiyasi va kelib chiqish markazlarini aniqlash (Eremurus turkumi misolida)”, “Tog‘larning shakllanishi va iqlim o‘zgarishlarning o‘simliklar diversifikatsiyasiga ta’siri (Hedysarum turkumi misolida)”, “Geoaxborot tizimida turlarning tarqalishini aks ettiruvchi xaritalar yaratish”, “O‘zbekiston florasidagi Parrya  turkumi turlarining taksonomiyasi, geografiyasi va ekologiyasi” mavzularida ma’ruzalar muhokama qilindi.

 

 

1

Seminar ishtirokchilari (foto adu.uz saytidan olindi)

 

Seminar davomida tadbir ishtirokchilarining fikr-mulohazalari tinglandi. Universitet jamoasi Botanika instituti ilmiy xodimlariga minnatdorchilik bildirib, o‘simliklarni o‘rganish, biologik xilma-xillikning saqlash bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollarini kelishib olishdi.