Botanika instituti direktori, akademik K.Sh. Tojibayev yangi qabul qilingan doktorantlar, stajyor tadqiqotchilar 2-3 bosqich doktorantlari bilan institutning majlislar zalida uchrashdi. Uchrashuvda akademik Tojibayev, doktorantlar va stajyor tadqiqotchilar bilan tanishib, ularga ilmiy faoliyatda muvafaqqiyatlar tiladi. Shuningdek, yangi tadqiqotlarni bajarishda zarur bo‘lgan sharoitlarni ta’minlashning ahamiyatiga to‘xtaldi. Botanika institutining ilmiy tashkilotlar orasida yuksak salohiyatga ega ekanligini va institutning erishgan yutuqlari bilan yuqori marralarga chiqqanligini ta’kidladi. U, shuningdek, institutning statusini yanada rivojlantirish uchun ilmiy tadqiqotlarni kuchaytirish zarurligini so‘zlab, tanlanadigan ilmiy mavzular davlat dasturlari asosida tasdiqlanishi lozimligini alohida ta’kidladi.

Institutning ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari F.I. Karimov, xorijiy stajirovkalar tadqiqotchilarning ilmiy faoliyatida muhim rol o‘ynashini aytdi. Xorijiy tajriba almashish va global ilmiy tajriba bilan tanishish, tadqiqotchilarning bilim va ko‘nikmalarini oshirishga yordam berishini gapirdi.

Institut ilmiy kotibi U.H. Qodirov esa, ilmiy ishlarni samarali amalga oshirish uchun dolzarb mavzular tanlanishi va bu mavzular ilmiy rahbarlar bilan laboratoriyalarda muhokamadan o‘tkazilishi zarurligini qayd etdi. Mavzularni tanlashda ularning dolzarbligi va zamonaviy ilmiy tendensiyalarga mosligi muhim ekanligini ta’kidladi.

Uchrashuvda institut rahbariyati, yangi doktorantlar va tadqiqotchilar uchun barcha zarur sharoitlarni yaratish zarurligini bildirgan holda, ilmiy faoliyatni yanada rivojlantirish va tajriba almashish imkoniyatlarini kengaytirish lozimligini alohida aytib o‘tdi. Institutda ilmiy tadqiqotlar uchun yuqori sifatli laboratoriyalar va ilmiy resurslar taqdim etilishi muhim ahamiyatga ega.

Botanika instituti rahbariyati tomonidan o‘tkazilgan uchrashuv ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, yangi kadrlarga imkoniyat yaratish va global ilmiy hamkorlikni kuchaytirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Tadqiqotchilarni yangi ilmiy mavzularni tanlash, xorijiy stajirovkalar va ilmiy muhokamalar orqali ilmiy salohiyatni yanada kuchaytirishga chaqirildi. Bu, institutning kelajakdagi muvaffaqiyatlari uchun mustahkam poydevor yaratishga yordam beradi.