22-may – Xalqaro biologik xilma-xillik kuni munosabati bilan Farg‘ona davlat universitetining Tabiiy fanlar fakultetida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti direktori, akademik Komiljon Sharobitdinovich Tojibayev ishtirokida yoshlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbir davomida akademik Tojibayev “Markaziy Osiyoda o‘simliklar xilma-xilligini o‘rganishning zamonaviy yondashuvlari va istiqbollari” mavzusida qiziqarli ma’ruza o‘qidi. Ma’ruzada mintaqaning noyob florasi, global iqlim o‘zgarishi sharoitida turlarni saqlash, zamonaviy ilmiy metodlar va xalqaro hamkorlik masalalari atroflicha yoritildi.

Tadbir Xalqaro biologik xilma-xillik kuniga bag‘ishlangani bilan ham ahamiyatli bo‘ldi. Unda tabiiy resurslarni asrash, o‘simlik va hayvon turlarini muhofaza qilishda har bir insonning mas’uliyati borligi alohida qayd etildi.

 

1

 

Ochiq muloqot shaklida o‘tgan uchrashuvda talaba-yoshlar, doktorantlar va yosh olimlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berishdi. Akademik ularning har biriga batafsil javob berib, yoshlarni ilmiy izlanishlarga jalb qilish zarurligini ta’kidladi. “Yoshlar ilmga bo‘lgan ishtiyoqini yo‘qotmasligi, ilm-fan orqali jamiyatga hissa qo‘shishga intilishi zarur,” — deya ta’kidladi akademik Tojibayev.

 

2

3