Fritillaria yakutiae — O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Botanika instituti olimlari tomonidan aniqlangan va ilm-fanga taqdim etilgan yangi o‘simlik turi bo‘lib, u Liliaceae (Loladoshlar) oilasiga mansub. Tur 2025-yil 5-avgust kuni Nordic Journal of Botany jurnalida e’lon qilindi (Fritillaria yakutiae sp. nov. (Liliaceae) from Surkhandarya, Uzbekistan – Yusupov – Nordic Journal of Botany – Wiley Online Library).

Yangi turi Fritillaria yakutiae Turginov et Tojibaev morfologik jihatdan Fritillaria bucharica  va Fritillaria baisunensis turlariga o‘xshash bo‘lsada, bir qancha muhim morfologik belgilari:

1) Gullari och pushti bo‘lib, ost qismida to‘q qizil va sarg‘ish-yashil ranglar bilan ajralib turadi; 2) Gulqo‘rg‘on bo‘laklarining ichki qismida sarg‘ish pushti bo‘ylama chiziqlar mavjudligi bilan (unga yaqin turlarda esa sarg‘ish-yashil chiziqlar bo‘ladi); 3) Changchilari to‘q binafsha rangda bo‘lib, usti qismi tukli bo‘lishin bilan; 4) Barglari keng-ellips shakldan tor lansetsimonsimon shakllarga egaligi hamda bo‘yining balandligi (25-50 sm) bilan farq qiladi.

 

1

Surxondaryo hududidan topilgan Fritillaria yakutiae Turginov et Tojibaev (Liliaceae oilasi) turining ilk yig‘ilgan namunasi (holotipi).

 

Fritillaria yakutiae hozircha faqat Surxondaryo viloyatining Bobotog‘ tizmasida, Chagam qishlog‘i yaqinida (700–1100 m balandlikda) tarqalgan. U qizil gil tuproqlarda o‘sadi. Mart–aprel oylarida gullaydi, ko‘p yillik geofit hisoblanadi. 2020-yilda ushbu turning atigi 300 ta yetilgan namunasi qayd etilgan.

Yangi tur molekulyar metodlarni qo‘llash orqali butun xloroplast genomi tahlil qilindi. Natijalarga ko‘ra:

F. yakutiae eng yaqin qarindoshlari — F. bucharica, F. baisunensis va F. gibbosa bilan bir klasterda joylashgan; DNK ketma-ketligi 151 757 juft nukleotiddan iborat bo‘lib, 130 ta genni o‘z ichiga oladi; Molekulyar filogenetik daraxtda bu tur aniq alohida shoxcha sifatida ajralgan va 100% ishonchli ko‘rsatkichga ega bo‘lgan.

 

 2

Fritillaria turkumiga mansub 37 ta turga oid maksimal ehtimollikka asoslangan filogenetik tahlil. Yangi aniqlangan F. yakutiae qizil rangda ko‘rsatilgan.

 

 

3

Fritillaria turkumining Rhinopetalum kichik turkumiga mansub turlar:

(A) F. yakutiae, (B) Fritillaria bucharica, (C) Fritillaria baisunensis, (D) Fritillaria gibbosa, (E) Fritillaria karelinii, (F) Fritillaria stenanthera, (G) Fritillaria sp., (H) Fritillaria rugillosa.

 

 

4

Fritillaria turkumining Rhinopetalum kichik turkumiga mansub turlarning tarqalishi. Rangli nuqtalar Fritillaria ning har bir alohida turini ifodalaydi.

 

 

5

Fritillaria turkumining yettita turiga oid xloroplast (cp) genomlari orasidagi juft (p) masofalar.

 

Ayni vaqtda bu turning populyatsiyasidagi soni to‘g‘risida aniq ma’lumotlar yo‘q. Shuning uchun “Yetarli ma’lumot yo‘q” (Data Deficient) sifatida baholanmoqda (IUCN, 2024), ammo cheklangan areali, tor ekologik talablari va kichik populyatsiyasi uni potensial xavf ostidagi tur sifatida ko‘rsatadi.

Tadqiqotchilar Surxondaryoning transchegaraviy hududlarida yana ushbu turning uchrash ehtimolini taxmin qilmoqda.

Yangi tur kashf etilishi O‘zbekistonda o‘simliklar xilma-xilligi, ayniqsa, kam o‘rganilgan tog‘li va transchegaraviy hududlarda hali ko‘plab noyob floristik birliklar mavjudligini ko‘rsatadi. Bu esa ilmiy, ekologik va muhofaza qilish nuqtai nazaridan nihoyatda muhim.