O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti o‘simlikshunoslik sohasida faoliyat yuritayotgan yosh tadqiqotchilar uchun o‘z ilmiy natijalarini namoyish etish, baholash va muhokama qilish imkonini beruvchi muhim ilmiy platforma sifatida maydonga chiqmoqda. Ana shunday an’anaviy platformalardan biri — “Yosh botanik olimlar” konferensiyasi bo‘lib, u muntazam ravishda Botanika institutida tashkil etib kelinmoqda. Shu vaqtga qadar institut uch marotaba ushbu nufuzli anjumanga mezbonlik qilib, 50 dan ortiq yosh olimlar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar hamda ilmiy munozaralarda faol qatnashdilar.
2025-yilda ham Botanika instituti bu an’anani davom ettirib, 11–12-sentabr kunlari navbatdagi — IV Xalqaro konferensiyani o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Ushbu tadbirning o‘ziga xos jihati shundaki, u xalqaro miqyosda o‘tkaziladi. Konferensiyada O‘zbekistonning turli ilmiy tadqiqot muassasalari olimlari va talabalari bilan bir qatorda, Xitoy, Janubiy Koreya, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va boshqa davlatlardan yosh olimlarning ishtiroki kutilmoqda. Bu esa xalqaro ilmiy hamkorlik va tajriba almashuvining yangi istiqbollarini ochadi.
Konferensiya quyidagi yo‘nalishlarni qamrab oladi:
- Tabiiy ekotizimlardagi o‘simliklar xilma-xilligi va botanik tadqiqotlarning zamonaviy usullari;
- IUCN Qizil ro‘yxati va Milliy Qizil kitoblar: xavf ostidagi turlarni baholashning ilmiy yondashuvlari;
- O‘simliklarda molekulyar-genetik tadqiqotlar: filogeniya, biogeografiya va bioinformatika;
- Biotexnologiya, o‘simliklar biokimyosi va strukturaviy botanikaning dolzarb yo‘nalishlari;
- O‘simliklar introduksiyasi va kamyob turlarni saqlab qolishda ex-situ tadqiqotlarining ahamiyati.

