Qozog‘iston Respublikasini Olmata shaxrida “Dunyoning uchinchi qutbida o‘simliklar xilma-xilligini saqlash bo‘yicha ilg‘or tadqiqotlar” mavzusida 3-xalqaro simpozium (PDCR 2025) bo‘lib o‘tdi. Anjuman Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy fanlar akademiyasi, Qozog‘iston Respublikasi Fan va oliy ta’lim vazirligi huzuridagi O‘simliklar biologiyasi va biotexnologiyasi instituti hamda Qozog‘iston Respublikasi Ekologiya va tabiiy resurslar vazirligi huzuridagi Botanika va fitointroduksiya instituti tashabbusi bilan tashkil etildi.
Mazkur simpoziumda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti delegatsiyasi akademik K.Sh. Tojibayev rahbarligida ishtirok etdi. Delegatsiya tarkibida professor X.F. Shomurodov, PhD Z.O. Yusupov, b.f.n. D.M. Tajetdinova, doktorantlar (DSc) D.I. Maxmudjanov va I.J. Jo‘ramurodov bo‘ldilar.
Simpoziumda Tibet, Sharqiy va Janubiy Osiyo, Markaziy Osiyo, Markaziy va Sharqiy Yevropa tog‘ ekotizimlarining o‘simlik genetik resurslarini o‘rganish va saqlash, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida ilmiy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Yalpi majlisda o‘z faoliyatini o‘simlik dunyosining bioxilma-xilligini chuqur tadqiq etishga bag‘ishlagan yetakchi olimlar qatorida akademik K.Sh. Tojibayev ma’ruza qildilar.

Akademik K.Sh. Tojibayevning yalpi majlisdagi ma’ruzasi.
Simpoziumning keyingi kunlarida yovvoyi florani o‘rganish va muhofaza qilish masalalariga bag‘ishlangan seksiyalarda PhDlar Z.O. Yusupov, D.I. Maxmudjanov va I.J. Jo‘ramurodov o‘z ilmiy tadqiqot natijalarini taqdim etdilar.

Akademik K.Sh. Tojibayev va PhD Z.O. Yusupov plenar seksiya ma’ruzachilari bilan birgalikda.

Doktorant (DSc) I.J. Jo‘ramurodov og‘zaki ma’ruza davomida savollarga javob bermoqda.

Doktorant (DSc) D.I. Maxmudjanov og‘zaki ma’ruzasi.
Shuningdek, dolzarb tadqiqot yo‘nalishlari, o‘simlik dunyosini asrash muammolari hamda botanika va turdosh fanlarga ilg‘or usullarni joriy etishga bag‘ishlangan poster sessiyasida O‘zbekiston Florasi laboratoriyasi katta ilmiy xodimi, b.f.n. D.M. Tajetdinova poster ma’ruza bilan ishtirok etdi.

Professor X.F. Shomurodov va b.f.n. D.M. Tajetdinova poster ma’ruza taqdimotida.
Simpozium yakunida Markaziy Osiyo bioxilma-xilligini o‘rganish tarmog‘i doirasida xalqaro hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolandi. Tadbir davomida yangi ilmiy hamkorlik yo‘nalishlari belgilandi, bu esa Botanika institutining keyingi ilmiy faoliyatida muhim ahamiyat kasb etadi.

Xalqaro hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum imzolash jarayoni.
Simpozium yakunida Qozog‘iston Respublikasi Ekologiya va tabiiy resurslar vazirligi huzuridagi Botanika va fitointroduksiya institutida o‘quv seminar (Satellite Workshop) tashkil etildi.

Seminar davomida ma’ruza jarayoni.
Seminarni Rossiya Fanlar akademiyasi Umumiy va eksperimental biologiya instituti katta ilmiy xodimi Denis Sandanov olib bordi. U “Contemporary methods for the analysis and prediction on species distribution” mavzusida ma’ruza qilib, tur areallarini tahlil qilish va ularning tarqalishini bashoratlashda zamonaviy yondashuvlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Tadbirda xalqaro tajribalar, yangi metodologiyalar va amaliy qo‘llanilish imkoniyatlari bo‘yicha fikr almashildi.

Seminar ishtirokchilarining amaliy mashg‘ulot jarayoni.

