So‘nggi yillarda botanika fanida amalga oshirilayotgan tadqiqotlar yangi bosqichga ko‘tarilib, o‘simliklar bioxilma-xilligini chuqur o‘rganish, muhofaza qilish va undan barqaror foydalanish masalalari global miqyosda dolzarb tus olmoqda. Shu jarayonda yosh olimlarning ilmiy salohiyati, innovatsion g‘oyalari va xalqaro hamkorlikdagi faol ishtiroklari alohida ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti ushbu maqsadda “Yosh botanik olimlarning an’anaviy IV-xalqaro konferensiyasi”ga mezbonlik qildi.
Konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi rahbariyati – akademik Shavkat Ayupov, vitse-prezident professor Shaxlo Turdikulovalarning tabrik xatlari va institut direktori akademik Komiljon Tojibayevning tabrik nutqi bilan boshlandi. Tadbirda nafaqat respublika ilmiy muassasalari va universitetlaridan, balki Xitoy, Janubiy Koreya, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi davlatlardan ham yosh olimlar ishtirok etdilar.

Konferensiya doirasida bir qator muhim ilmiy natijalar taqdim etildi. Jumladan, plenar ma’ruzalarda DSc. B. Adilov (O‘zbekiston) – “O‘zbekiston florasining ekologik shkalasi va o‘simlik qoplamini fazoviy tahlil qilish usullari”; PhD B. Osmonali (Qozog‘iston) – Chenopodiaceae oilasining filogeniyasi va sitometriya tahlili; PhD Z. Yusupov (O‘zbekiston) – “Digital Nature” loyihasi: Markaziy O‘zbekiston endemik o‘simliklarining molekulyar-genetik asoslari; PhD Chun-Fang Lu (Xitoy Fanlar Akademiyasi) – o‘simlik taksonomiyasi va an’anaviy xitoy tabobatida identifikatsiya usullari; Prof. F. Kushanov (O‘zbekiston) – Paxta (Gossypium) turkumining genom evolyutsiyasi va filogeniyasi bo‘yicha tadqiqotlar ma’ruza qilindi.




Konferensiya doirasida 5 ta asosiy seksiyada 40 dan ortiq ma’ruza taqdim qilindi. Ma’ruzalar mazmuni quyidagi umumiy yo’nalishlarda bo‘ldi: Tabiiy ekotizimlardagi o‘simliklar xilma-xilligi va botanik tadqiqotlarning zamonaviy usullari; IUCN Qizil ro‘yxati va Milliy Qizil kitoblar asosida noyob va yo‘qolib borayotgan turlarni baholashning ilmiy yondashuvlari; O‘simliklarda molekulyar-genetik tadqiqotlar: filogeniya, biogeografiya va bioinformatika; Biotexnologiya, o‘simliklar biokimyosi va strukturaviy botanikaning dolzarb yo‘nalishlari; O‘simliklar introduksiyasi va ex-situ sharoitlarda saqlash orqali kamyob turlarni muhofaza qilish.









Konferensiya yakunida ishtirokchilar taqdirlandi. Muhokamalar davomida:
- O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyoda bioxilma-xillikni saqlash,
- kamyob turlarni muhofaza qilish,
- iqlim o‘zgarishi sharoitida barqaror rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.









Mazkur anjuman yosh olimlar uchun ilmiy yutuqlarini taqdim etish, xalqaro tajriba almashish va yangi ilmiy-innovatsion g‘oyalarni rivojlantirish uchun muhim platforma bo‘ldi. Shu tariqa, Botanika instituti o‘zining xalqaro nufuzini yanada oshirib, ilm-fan rivojida yosh avlodning faol ishtirokini ta’minlashda navbatdagi qadamni tashladi.

