2025-yil 2-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti majlislar zalida yosh olimlarning navbatdagi ilmiy kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda 30 ga yaqin yosh ilmiy xodimlar ishtirok etdi. Yig‘ilish davomida muhokama qilingan masalalar uchta asosiy yo‘nalishga bo‘lindi.

I yo‘nalish – yosh olimlarning tadqiqot ishlari muhokamasi.

Dastlab, Toshkent Botanika bog‘i, Dendrologiya laboratoriyasi mustaqil izlanuvchisi M.S. Raxmatillayev tomonidan “O‘zbekiston dendroflorasidagi ayrim kamyob turlarni toshkent botanika bog‘iga introduksiyasi” mavzusida ma’ruza qilindi.

Shundan so‘ng Ekstremofil o‘simliklar va fitoremediatsiya laboratoriyasi xodimi, 3-bosqich tayanch doktorant D.E. Turdiyev “Oʻzbekiston florasida tarqalgan Oxytropis DC. turkumining taksonomik va geografik tahlili” mavzusida taqdimot o‘tkazdi.

2

Uchinchi ma’ruza Geobotanika laboratoriyasi kichik ilmiy xodimi A.T Sultamuratov tomonidan “Orol dengizining qurigan hududida fitotsenogenezning iqlim va edafik determinantlari” mavzusida taqdim etildi.

3

Shundan so‘ng, Ekstremofil o‘simliklar va fitoremediatsiya laboratoriyasi kichik ilmiy xodimi U.Sh. Saitjanovaning “Современное состояние популяций и пастбищная характеристика Medicago sativa в Узбекистане” mavzusidagi taqdimoti tinglandi.

4

Birinchi yo‘nalish bo‘yicha ma’ruzalar yakunlangach, tadbirning ikkinchi yo‘nalishi  xalqaro hamkorlik doirasidagi ilmiy safarlar natijalariga bag‘ishlangan hisobotlar tinglandi. Mazkur yo‘nalishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan amalga oshirilayotgan “O‘zbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish” (PRIM 01-19) loyihasi doirasidagi xorijdagi stajirovka haqida ma’lumot berildi. Xususan, Molekulyar filogeniya va biogeografiya laboratoriyasining kichik ilmiy xodimi F.N. Mingboyev hamda 1-kurs tayanch doktoranti
Z.A. Raximjonovaning 2025-yil 20-oktabrdan 10-noyabrgacha bo‘lgan davrda Xitoy Xalq Respublikasidagi “Xitoy an’anaviy tibbiyotining Shimoliy-Sharqiy Osiyo instituti (Northeast Asia Institute of Chinese Medicine)”da o‘tgan stajirovka hisobotlari taqdim etildi.

5

Yig‘ilishning uchinchi qismida turli masalalar muhokama qilindi. Mazkur bo‘limda yil yakunlari bo‘yicha yosh olimlar erishgan ilmiy natijalarni umumiy sarhisob qilish tartibi belgilab olindi. Shuningdek, eng yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan 3 nafar yosh ilmiy xodimni esdalik sovg‘alari bilan taqdirlash rejalashtirilgani ma’lum qilindi.