2026-yil 10–11-aprel kunlari Jizzax davlat pedagogika universitetida “Yashil kelajak sari: bioxilma-xillikni saqlashning innovatsion strategiyalari va fan, ta’lim, ishlab chiqarishning zamonaviy paradigmalari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Mazkur anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti olimlari ham faol ishtirok etib, bioxilma-xillikni saqlash, noyob va yo‘qolib borayotgan turlarni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishi sharoitida ekologik monitoringni takomillashtirish hamda zamonaviy ilmiy tadqiqot yo‘nalishlari bo‘yicha ma’ruzalar bilan qatnashdilar.
Anjuman Samarqand davlat universiteti, Chirchiq davlat pedagogika universiteti, O‘zbekiston milliy universitetining Jizzax filiali, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Jizzax viloyat kengashi, Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti hamda respublikaning boshqa ilmiy va ta’lim muassasalari hamkorligida tashkil etildi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti direktori, professor K. Sh. Tojiboyev tomonidan “Markaziy Osiyo florasining geofazoviy tahlili: hozirgi holati va istiqbollari” mavzusida ma’ruza taqdim etildi.

Botanika instituti bosh ilmiy xodimi X. F. Shomurodov “O‘zbekiston Qizil kitobi bioxilma-xillikni saqlash vositasi sifatida: yangi yondashuvlar va istiqbollar” mavzusida ma’ruza bilan ishtirok etdi.


Anjuman ishtirokchilari Botanika instituti olimlarining ma’ruzalaridan so‘ng institutda olib borilayotgan ilmiy ishlarni yuqori baholadilar.


Anjuman yakunida Jizzax davlat pedagogika universiteti tomonidan Botanika institutiga samarali ilmiy hamkorlik belgisi sifatida esdalik sovg‘asi topshirildi.

Anjuman doirasida Botanika instituti olimlarining ilmiy hamkorlikni mustahkamlashga bag‘ishlangan esdalik surati.

Tadbir ochilishidan so‘ng Botanika instituti olimlari va anjuman ishtirokchilari o‘rtasida bioxilma-xillikni saqlash va ilmiy hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Anjuman ochilish marosimidan so‘ng Botanika instituti olimlari va hamkor tashkilotlar vakillari o‘rtasida ilmiy hamkorlik masalalari yuzasidan do‘stona suhbat tashkil etildi.
Anjuman doirasida Botanika instituti ilmiy xodimlari, tayanch doktorantlari hamda yosh olimlari sho‘ba yig‘ilishlarida o‘z ilmiy tadqiqotlari natijalari bilan faol ishtirok etib, bioxilma-xillikni saqlash, o‘simliklar resurslarini o‘rganish, ekologik monitoring va zamonaviy botanika tadqiqotlarining dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha ma’ruzalar taqdim etmoqdalar.

