2026-yil 4–8-may kunlari Tojikiston Respublikasining Dushanbe, Kulob va Mo‘minobod hududlarida **Central Asia Biodiversity Conservation Network (CABCN)**ning 11-xalqaro seminari va unga bog‘liq ilmiy tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda. Dastur doirasida 4–5-may kunlari Dushanbe shahridagi Rumi Hotel konferensiya zalida xalqaro seminar, 6-may kuni Kulob botanika bog‘ida “Bioxilma-xillikni muhofaza qilishda botanika muassasalarining roli” mavzusida xalqaro konferensiya, 7–8-may kunlari esa Childukhtaron tabiat hududiga dala safari tashkil etilishi rejalashtirilgan.

1

Mazkur xalqaro tadbir Markaziy Osiyoda bioxilma-xillikni muhofaza qilish, foydali va dorivor o‘simliklarni o‘rganish, Qizil ro‘yxat baholashlarini rivojlantirish, floristik tadqiqotlarning hozirgi holati va istiqbollarini muhokama qilish hamda botanika muassasalari o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.

3   4

Koreya Milliy Arboretumi bo‘lim mudiri Chang Kaesun va Kulob Botanika bog‘i direktori Boboev Mariyo o‘rtasida kelgusidagi rejalar muhokama qilindi.

5

Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti hamda akademik F.N. Rusanov nomidagi Toshkent botanika bog‘i vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etmoqda. Delegatsiya tarkibida Botanika instituti direktori, akademik K.Sh. Tojibayev, akademik F.N. Rusanov nomidagi Toshkent botanika bog‘i direktori S.X. Abdinazarov, Botanika instituti ilmiy xodimi D.I. Maxmudjanov hamda Toshkent botanika bog‘i ilmiy xodimi E.E. Temirov qatnashmoqda.

6

Tadbir dasturida akademik K.Sh. Tojibayev tomonidan Markaziy Osiyodagi foydali o‘simliklarni Qizil ro‘yxat asosida baholash rejasi hamda 2026-yilgi floristik tadqiqotlar bo‘yicha ma’ruzalar taqdim etilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, Kulob botanika bog‘ida o‘tkaziladigan xalqaro konferensiyada akademik K.Sh. Tojibayev “Digital Nature of Uzbekistan” mavzusida ma’ruza qiladi.

CABCNning 11-xalqaro seminarida O‘zbekiston delegatsiyasi bilan bir qatorda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Koreya Respublikasi ilmiy muassasalari vakillari ham ishtirok etmoqda. Qozog‘iston delegatsiyasi tarkibida O‘rmon xo‘jaligi va agromelioratsiya ilmiy-tadqiqot instituti, Botanika va fitointroduksiya instituti hamda Ostona botanika bog‘i vakillari qatnashmoqda. Qirg‘iziston delegatsiyasi esa Qirg‘iziston Milliy fanlar akademiyasi Biologiya instituti hamda E. Gareev nomidagi Botanika bog‘i ilmiy-tadqiqot instituti vakillaridan iborat.

7    8

Mezbon davlat — Tojikiston delegatsiyasi tarkibida X.Yu. Yusufbekov nomidagi Pomir biologiya instituti, Tojikiston Respublikasi Hukumati huzuridagi Milliy bioxilma-xillik va biologik xavfsizlik markazi hamda Xatlon ilmiy markazining Kulob botanika bog‘i vakillari ishtirok etmoqda. Shuningdek, tadbirda Koreya Milliy arboretumi, Baekdudaegan Milliy arboretumi, Koreya biofanlar va biotexnologiya ilmiy-tadqiqot instituti, Koreya qutb tadqiqotlari instituti, Changwon Milliy universiteti, Kongju Milliy universiteti va Shingu kolleji botanika bog‘i vakillari qatnashmoqda. Xalqaro konferensiya dasturida, shuningdek, Xitoy, Eron, Rossiya va Armanistondan taklif etilgan olimlarning ma’ruzalari ham ko‘zda tutilgan.

Ushbu xalqaro seminar O‘zbekiston botanika muassasalari uchun xorijiy hamkorlar bilan ilmiy aloqalarni kengaytirish, o‘simliklar xilma-xilligini saqlash, raqamli floristika, Qizil ro‘yxat baholashlari, foydali o‘simliklarni tadqiq etish hamda botanika bog‘lari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.