O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti ilmiy xodimlari O.S. Abduraimov va B. J. Mavlanov tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi o‘simlik dunyosi obyektlarining iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lgan turlari davlat hisobi va kadastrini yuritish” mavzusidagi 4/2026-sonli xo‘jalik shartnomasi doirasida belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida 2026-yil 09-iyundan 19-iyungacha Jizzax, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida xizmat safari tashkil etildi.
Xizmat safari davomida Jizzax, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining turli tabiiy-ekologik hududlarida uchraydigan dorivor o‘simlik turlari — Peganum harmala, Silybum marianum, Capparis spinosa, Glycyrrhiza glabra hamda Inula grandis ning tabiiy populyatsiyalari tadqiq qilindi. Dala kuzatuvlari jarayonida ushbu turlarning tarqalish areallari, populyatsiyalarining holati, son ko‘rsatkichlari, zichligi hamda ekologik xususiyatlari o‘rganildi. Shuningdek, o‘simliklarning biologik va ekspluatatsion zaxiralari aniqlanib, ulardan oqilona foydalanish imkoniyatlarini baholash maqsadida resurs tadqiqotlari olib borildi.
Tadqiqotlar davomida dorivor o‘simliklarning zaxira maydonlari belgilandi, ularning chegaralari aniqlashtirildi va geografik koordinatalari GPS qurilmalari yordamida qayd etildi. Har bir tur bo‘yicha xomashyo zaxirasini hisoblash uchun zarur bo‘lgan dala ma’lumotlari yig‘ildi hamda yillik foydalanish mumkin bo‘lgan hajmlarini aniqlash uchun maxsus hisob maydonchalari tashkil etildi.
Olib borilgan dala ishlari natijasida o‘rganilgan turlarning iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lgan tabiiy resurslari bo‘yicha ma’lumotlar to‘plandi va elektron ma’lumotlar bazasiga kiritish uchun tayyorlandi. Bundan tashqari, tadqiqot obyektlaridan gerbariy namunalari yig‘ilib, geobotanik tavsiflar tuzildi hamda dala qaydnomalari rasmiylashtirildi. O‘simliklarning morfologik belgilarini va ularning tabiiy yashash muhitini aks ettiruvchi fotosuratlar olindi hamda ilmiy fondni boyitish maqsadida tizimlashtirildi.


