O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti “O‘simliklar tabiiy resurslari kadastri va populyatsion biologiyasi” laboratoriyasi mudiri, biologiya fanlari doktori O.S. Abduraimov hamda laboratoriya kichik ilmiy xodimi A.L. Allamurotov 2026-yil 27-iyun – 3-iyul kunlari Qozog‘iston Respublikasining Janubiy Qozog‘iston tibbiyot akademiyasida ilmiy xizmat safarida bo‘ldilar.

Safar doirasida Janubiy Qozog‘iston tibbiyot akademiyasida amalga oshirilayotgan “Изучение лекарственных растений Западного Тянь-Шаня” (G‘arbiy Tyanshan dorivor o‘simliklarini o‘rganish) ilmiy loyihasi bilan yaqindan tanishildi. Loyiha doirasida olib borilayotgan ilmiy izlanishlar, dorivor o‘simliklarning tarqalishi, resurs salohiyatini baholash, ularni muhofaza qilish va oqilona foydalanishga oid ilmiy yondashuvlar o‘rganildi.

Shuningdek, akademiya mutaxassislari bilan birgalikda G‘arbiy Tyanshan hududlarida dala tadqiqotlari amalga oshirildi. Tadqiqotlar davomida resurs ahamiyatiga ega bo‘lgan dorivor o‘simlik turlarining tabiiy populyatsiyalari kuzatildi, ularning tarqalish holati, resurs zaxiralari hamda biologik xususiyatlari baholandi. Dala kuzatuvlari jarayonida o‘simliklarning tabiiy muhitdagi holati, uchraydigan hududlari, populyatsiyalarining saqlanganlik darajasi va ulardan oqilona foydalanish istiqbollari yuzasidan ilmiy ma’lumotlar to‘plandi.

Sayram-Ugam davlat milliy tabiat bog‘ida ilmiy tadqiqotlar: Sayram-Ugam davlat milliy tabiat bog‘i Qozog‘iston Respublikasining Turkiston viloyatida, G‘arbiy Tyanshan tog‘ tizmasida joylashgan noyob muhofaza etiladigan tabiiy hudud hisoblanadi. 2006-yilda tashkil etilgan. Bog‘ Shimkent shahridan taxminan 70–100 km sharqda joylashgan bo‘lib, eng baland nuqtasi 4236 metr balandlikdagi Sayram cho‘qqisidir. Hududda 1600 dan ortiq o‘simlik turlari uchraydi, ularning muhim qismi Markaziy Osiyoga xos endemik va relikt turlar hisoblanadi.

2

Inula macrophylla tabiiy resurslarini baholash

3

Acanthophyllum gypsophiloides tabiiy populyatsiyasini o‘rganish

4

Achillea millefolium populyatsiyasida dala kuzatuvlari

5

Glycyrrhiza glabra populyatsiyasining bioekologik tadqiqotlari

 

Aksu-Jabag‘li davlat qo‘riqxonasida dala tadqiqotlari: Aksu-Jabag‘li davlat qo‘riqxonasi Markaziy Osiyodagi eng qadimiy qo‘riqxona bo‘lib, 1926-yilda tashkil etilgan. Qo‘riqxona Qozog‘iston Respublikasining Turkiston viloyatida, G‘arbiy Tyanshan tog‘larining shimoli-g‘arbiy qismida joylashgan. Ushbu hudud noyob tog‘ ekotizimlari, boy flora va fauna xilma-xilligini saqlab qolish maqsadida muhofaza qilinadi.

6

Aksu-Jabag‘li davlat qo‘riqxonasidagi ilmiy ekspeditsiya

7

Hypericum perforatum populyatsiyasining holatini baholash

8

Kishi Kayindi darasidagi ilmiy kuzatuvlar

9

Origanum tyttanthum populyatsiyasining dala tadqiqotlari

10

Helichrysum maracandicum populyatsiyasini baholash ishlari

Qashqasuv hududida o‘tkazilgan ilmiy kuzatuvlar: Qashqasuv Shimkent shahridan taxminan 60–70 km janubi-sharqda joylashgan tog‘li hudud bo‘lib, G‘arbiy Tyanshan tog‘ etaklarida joylashgani sababli o‘zining boy biologik xilma-xilligi, musaffo havosi va salqin iqlimi bilan ajralib turadi. Mazkur hududda dorivor o‘simliklarning tabiiy populyatsiyalarini o‘rganish va resurs salohiyatini baholash bo‘yicha dala kuzatuvlari olib borildi.

11

Dala tadqiqotlarida ishtirok etgan ilmiy guruh

12

Ziziphora bungeana populyatsiyasini o`rganish

13

Tussilago farfara populyatsiyasini o‘rganish

Xizmat safari davomida botanika, dorivor o‘simliklar resurslarini baholash, biologik xilma-xillikni saqlash hamda iqlim o‘zgarishining tabiiy ekotizimlarga ta’siri masalalari yuzasidan ilmiy muhokamalar o‘tkazildi. Tomonlar qo‘shma ekspeditsiyalar tashkil etish, ilmiy maqolalar tayyorlash, tajriba almashish hamda xalqaro grant loyihalarida hamkorlik qilish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishdilar.

Mazkur xizmat safari Botanika instituti hamda Janubiy Qozog‘iston tibbiyot akademiyasi o‘rtasidagi ilmiy aloqalarni yanada mustahkamlash, dorivor o‘simliklarni kompleks o‘rganish bo‘yicha zamonaviy tajribalarni o‘zlashtirish hamda kelgusidagi qo‘shma ilmiy tadqiqotlar uchun muhim asos yaratdi.