2026-yil 24–30-avgust kunlari Rossiya Federatsiyasining Novosibirsk shahrida “Shimoliy Osiyo o‘simliklar dunyosining xilma-xilligi: o‘rganish va muhofaza qilishning zamonaviy yondashuvlari” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.

Mazkur xalqaro ilmiy anjuman Markaziy Sibir botanika bog‘i SO RANning 80 yilligiga bag‘ishlangan. Unda Rossiya, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Belarus, Tojikiston, Xitoy, Mongoliya va boshqa davlatlarning botanika hamda biologiya yo‘nalishidagi ilmiy-tadqiqot muassasalari olimlari ishtirok etmoqda.

Konferensiyaning ilmiy dasturidan o‘simliklar sistematikasi va filogeniyasi, floristik va senotik xilma-xillik, anatomiya va morfologiya, populyatsion biologiya, molekulyar biologiya, biotexnologiya, o‘simlik resurslaridan oqilona foydalanish, o‘simlik dunyosini muhofaza qilish, botanika kolleksiyalari hamda raqamli ma’lumotlar bazalarini rivojlantirish kabi dolzarb yo‘nalishlar o‘rin olgan.

Konferensiya doirasida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti olimlari ham faol ishtirok etmoqda. Jumladan, Botanika instituti direktori, akademik Komil Sharobitdinovich Tojibayev konferensiyaning dasturiy qo‘mitasi tarkibidan o‘rin olgan. Shuningdek, akademik K.Sh. Tojibayev yalpi majlisda “Raqamli tabiat – 2030: O‘zbekiston o‘simliklar xilma-xilligini o‘rganishning yangi bosqichi” mavzusida ma’ruza bilan ishtirok etdi.

Botanika instituti olimi Biologiya fanlari doktori X.F. Shomurodov esa “G‘arbiy Tyanshanning transchegaraviy hududlari biologik xilma-xilligi: zamonaviy holati, geofazoviy tahlil va muhofazaning ustuvor yo‘nalishlari” mavzusida ma’ruza qildi.

2

Konferensiyaning “O‘simlik qoplamining floristik va senotik xilma-xilligi, uning shakllanishining ekologik va geografik qonuniyatlari” seksiyasida ham O‘zbekiston olimlari tomonidan ilmiy ma’ruzalar taqdim etildi.

Biologiya fanlari doktori F.I. Karimov “O‘zbekiston — o‘simliklar xilma-xilligi haqidagi georeferensiyalangan ma’lumotlarning mintaqaviy xabi sifatida” mavzusida ma’ruza qildi.

3

Shuningdek, biologiya fanlari doktori B.A. Adilov tomonidan “O‘zbekiston cho‘l ekotizimlari senofloralarining ekologik shkalalari: fazoviy gradientlar, o‘simlik qoplamining tuzilishi va barqarorligi” mavzusida ilmiy ma’ruza taqdim etildi.

4

Inomjon Jo‘ramurodov tomonidan esa “Markaziy Osiyo tog‘ tizimlarining Hedysarum (Fabaceae) turkumi retikulyar evolyutsiyasi va filogenomik nomuvofiqligining shakllanishidagi roli” mavzusida ma’ruza taqdim etildi.

5

Mazkur ilmiy ma’ruzalar O‘zbekiston florasi va o‘simliklar xilma-xilligini zamonaviy yondashuvlar asosida o‘rganish, raqamli ma’lumotlardan foydalanish, geofazoviy tahlil, populyatsion biologiya hamda o‘simlik qoplamining ekologik xususiyatlarini tadqiq etish borasidagi ilmiy izlanishlarning muhim yo‘nalishlarini namoyon etadi.

Taqdim etilgan ilmiy ma’ruzalar konferensiya ishtirokchilari tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.

Shu bilan birga, Konferensiya o‘simliklar xilma-xilligini o‘rganish va muhofaza qilish bo‘yicha ilmiy natijalarni muhokama qilish, tajriba almashish hamda turli mamlakatlarning ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim ilmiy platforma bo‘lib xizmat qilmoqda.

Anjuman doirasida ilmiy ma’ruzalar bilan bir qatorda Markaziy Sibir botanika bog‘ining o‘simlik kolleksiyalari va ekspozitsiyalari bilan tanishish, shuningdek, botanika muzeyiga tashrif buyurish kabi ilmiy-ma’rifiy tadbirlar ham tashkil etilmoqda. 27–30-avgust kunlari konferensiyaning sayyor majlislari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti olimlarining xalqaro konferensiyadagi ishtiroki mamlakatimiz o‘simliklar xilma-xilligini o‘rganish bo‘yicha olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlarni xalqaro ilmiy hamjamiyatga taqdim etish, xorijiy hamkasblar bilan ilmiy tajriba almashish va istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.