O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika institutida zamonaviy botanika, molekulyar genetika, genomika, biotexnologiya va o‘simliklar seleksiyasi yo‘nalishlariga bag‘ishlangan ilmiy seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda Belarus Milliy fanlar akademiyasi akademigi, biologiya fanlari doktori, professor Aleksandr Vladimirovich Kilchevskiy ishtirok etdi. Olimning ilmiy faoliyati genetika, genomika, biotexnologiya, o‘simliklar seleksiyasi, genetik resurslarni saqlash va ulardan samarali foydalanish yo‘nalishlarini qamrab oladi.
Tadbir davomida molekulyar-taksonomik va bioinformatik tahlil usullari, zamonaviy molekulyar-genetik texnologiyalardan o‘simliklarning xilma-xilligi, genetik resurslari va populyatsiyalarini o‘rganishda foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Seminarning muhim yo‘nalishlaridan biri biologik namunalarni uzoq muddat saqlash va ulardan ilmiy tadqiqotlarda foydalanish imkonini beruvchi biobanklar (biokollektsiyalar) faoliyati bo‘ldi.
Taqdimotda biobanklar biologik materiallar, jumladan, o‘simliklar, hayvonlar, mikroorganizmlar va DNK namunalarini saqlashga ixtisoslashgan tuzilmalar sifatida ta’riflandi. Shuningdek, biobanklarning milliy biologik xavfsizlik tizimining muhim tarkibiy qismi ekani ta’kidlandi.
Belarus tajribasi misolida biologik kolleksiyalarni davlat miqyosida muhofaza qilish va ulardan ilmiy maqsadlarda foydalanish tizimi haqida ma’lumot berildi. Davlat reyestriga milliy boylik hisoblangan 15 ta ilmiy obyekt kiritilgani, shundan 13 tasi biologik yo‘nalishdagi obyektlar ekani qayd etildi.

Taqdimot davomida Belarus Milliy fanlar akademiyasi tizimidagi yirik o‘simlik kolleksiyalari faoliyati haqida ham ma’lumot berildi.
Markaziy botanika bog‘ining tirik o‘simliklar va gerbariy kolleksiyalariga alohida e’tibor qaratildi. Kolleksiya fondida ochiq grunt, yopiq grunt, in vitro sharoitidagi o‘simliklar, urug‘lar hamda gerbariy namunalari mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shuningdek, V.F. Kuprevich nomidagi Eksperimental botanika instituti gerbariy fondi haqida ma’lumot berilib, unda 411 937 ta namuna saqlanishi qayd etildi. Gerbariy fondi tarkibiga yopiq urug‘li o‘simliklar, ochiq urug‘lilar, paporotniksimonlar, suv o‘tlari, zamburug‘lar, lishayniklar hamda boshqa biologik guruhlar namunalari kirishi ko‘rsatildi.

Seminarda o‘simliklarning genetik resurslarini saqlashda milliy urug‘lar genetik resurslari bankining ahamiyati ham yoritildi.
Taqdimotda Belarus Milliy fanlar akademiyasi tizimidagi urug‘lar bankida 54 348 ta namuna saqlanishi qayd etildi. Ular tarkibida donli ekinlar, dukkakli don ekinlari, yem-xashak ekinlari, moyli ekinlar, yorma ekinlari, texnik ekinlar, sabzavot ekinlari, yovvoyi qarindosh turlar, dorivor va ziravor-aromatik o‘simliklar hamda boshqa madaniy o‘simliklar genetik resurslari mavjud.
Bunday genbanklar o‘simliklarning genetik xilma-xilligini saqlash, noyob genotiplarni kelajak avlodlarga yetkazish, seleksiya va ilmiy tadqiqotlar uchun boshlang‘ich material yaratishda muhim ahamiyatga ega.

Seminarda o‘simliklar bioxilma-xilligini muhofaza qilish bilan bir qatorda invaziv turlarni aniqlash va nazorat qilish masalalariga ham e’tibor qaratildi.
Taqdimot ma’lumotlariga ko‘ra, Belarus hududida 401 ta begona o‘simlik turi aniqlangan bo‘lib, ular umumiy hisobda 70 410 gektar maydonni egallaydi. Mazkur turlar xavflilik darajasiga ko‘ra turli guruhlarga ajratilgan.
Shuningdek, Sosnovskiy borshevik va boshqa xavfli invaziv o‘simlik turlariga qarshi kurashish bo‘yicha strategiya va harakatlar rejasi ishlab chiqilgani haqida ma’lumot berildi. Ushbu tajriba o‘simliklarning tarqalishini monitoring qilish, xavfli turlarni o‘z vaqtida aniqlash va biologik xilma-xillikni muhofaza qilishda muhim amaliy ahamiyatga ega.

Seminar davomida ilmiy masalalar muhokamasi.

Seminar ishtirokchilari o‘rtasida ilmiy fikr almashinuvi

Seminar ishtirokchilari o`ziga qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi.

Mazkur seminar Botanika institutida zamonaviy molekulyar biologiya, genetika, bioinformatika va o‘simliklarning genetik resurslarini o‘rganish bo‘yicha ilmiy salohiyatni rivojlantirish, ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish hamda kelgusidagi ilmiy hamkorlik yo‘nalishlarini belgilashda muhim ilmiy-amaliy ahamiyat kasb etdi.

