O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti ilmiy xodimlari O.S. Abduraimov, A.L. Allamuratov va B.J. Mavlanov tomonidan “Respublikaning dorivor o‘simliklari resurs salohiyatini bioiqlim va geofazoviy tahlili, moslashish va tarqalish qonuniyatlari (Ferula L. turkumi misolida)” mavzusidagi FL-9524115063-sonli fundamental loyiha doirasida belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida 2026-yil 25-sentabrdan 2-oktabrgacha Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida xizmat safari tashkil etildi.

Xizmat safari davomida Farg‘ona va Toshkent viloyatlarining turli tabiiy-geografik hamda ekologik sharoitlariga ega hududlarida tarqalgan Ferula L. turkumiga mansub dorivor o‘simlik turlarining tabiiy populyatsiyalari va tarqalish areallari o‘rganildi. Tadqiqotlar davomida o‘simliklarning uchrash joylari, o‘sish sharoitlari, yashash muhiti va ekologik xususiyatlariga oid ma’lumotlar qayd etildi hamda aniqlangan populyatsiyalarning geografik koordinatalari olindi.

Xizmat safari davomida loyiha doirasida tajriba plantatsiyalarini tashkil etish va Ferula turlarining introduksiya hamda yetishtirish imkoniyatlarini o‘rganish maqsadida tabiiy populyatsiyalardan urug‘ materiallari ham yig‘ildi. Yig‘ilgan urug‘lar tegishli tartibda saralash, saqlash va keyinchalik tajriba sharoitida unuvchanligi hamda rivojlanish ko‘rsatkichlarini baholash uchun foydalanishga mo‘ljallandi.

Bundan tashqari, tadqiqot hududlarining ekologik sharoitlari, o‘simliklarning tarqalish xususiyatlari va mavjud tabiiy resurslari bo‘yicha qo‘shimcha dala kuzatuvlari olib borildi. Olingan ma’lumotlar Ferula L. turkumiga mansub dorivor o‘simliklarning resurs salohiyatini baholash, ularning tarqalish qonuniyatlarini aniqlash, ekologik omillar bilan bog‘liqligini tahlil qilish hamda loyiha doirasida geofazoviy ma’lumotlar bazasini shakllantirishda foydalaniladi.

Screenshot_1 Screenshot_2