O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI FANLAR AKADEMIYASI BOTANIKA INSTITUTI OLIMLARINING XORAZM VILOYATIDAGI YANGI IZLANISHLARI
2022-yilda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti o‘rtasida “Buxoro, Xorazm va Surxondaryo viloyatlarining istiqbolli xom-ashyobop o‘simliklarning davlat ro‘yxati va kadastrini yaratish, hamda ushbu viloyatlarida joylashgan muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning flora tur tarkibining inventarizatsiya qilish” mavzusi bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish to‘g‘risida shartnoma imzolandi. Mazkur xo‘jalik kelishuvi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika institutining “Noyob o‘simlik turlari kadastri va monitoring” laboratoriyasi tomonidan 2022-yil aprel va iyun oylarida Xorazm viloyati hududida dala tadqiqotlari o‘tkazildi. Bunda, 11 turdagi kvotali xomashyo oʻsimliklarini (qizilmiya, qamish, iloncho‘p va boshqalar) hisobga olish, zaxirasini aniqlash hamda muhofaza etiladigan tabiiy hududlar (Qizilqum davlat qoʻriqxonasi, Xorazm milliy tabiat bogʻi va Yangibozor davlat tabiat yodgorligi) florasini inventarizatsiya qilish ishlari olib borildi. Ekspeditsiya, gerbariy va adabiyot ma’lumotlari tahlili asosida, Xorazm viloyati florasining dastlabki 373 turdagi oʻsimliklar ro‘yxati shakllantirildi. Dala tadqiqotlari davomida Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan (2019 y.) Eremosparton flaccidum o‘simligi populyatsiyasining zamonaviy holati baholanadi.
Tadqiqotlarimiz natijalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 07.11.2018 yildagi 914-son qarori talablari asosida, belgilangan shaklda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya davlat qo‘mitasiga taqdim etilgan.


