Kamyob o‘simliklar kadastri va monitoringi laboratoriyasi ilmiy xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 5 sentyabrdagi 737-sonli “O‘zbekiston Respublikasida atrof tabiiy muhitning davlat monitoringi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 7 noyabrdagi 914-sonli “Hayvonot va o‘simlik dunyosi obʼektlarining davlat hisobini, ulardan foydalanish hajmlari hisobini va davlat kadastrini yuritish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, O‘zbekiston Respublikasi “Qizil kitobi”ga kiritilgan barcha kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostidagi o‘simlik turlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi va davlat kadastriga kiritilishi bo’yicha Toshkent viloyati florasining kadastrini tuzish loyihasida belgilangan vazifalarni bajarish uchun dala ilmiy tadqiqotlarini olib bormoqdalar.
Ilmiy tadqiqotlar davomida quydagi vazifalar bajarildi:
- Toshkent viloyatida o‘suvchi kamyob va yoqolib ketish xavfi ostidagi noyob turlar (Nanophyton botschantzevii, Hedysarum drobovii, Kamelinia tianschanica) monitoringi amalga oshirildi;
- Tadqiqot hududlarining senopopulyatsiyasi ontogenetik strukturasini tahlili uchun transektlar tashlandi;
- DNK uchun namunalar, o‘simlik urug‘lari va tirik o‘simlik namunalari olindi;
- Toshkent viloyati florasining kadastrini tuzish uchun o‘rganilayotgan hududlardan gerbariy materiallari yig‘ib olindi;
- Ekspeditsiya davomida Toshkent viloyatida o‘suvchi kamyob va yo’qolib borayotgan turlarning yangi populyatsiyalari topildi. Jumladan Tulipa Borszczowii Baker turining Toshkent viloyati Dalvarzin cho‘lidan ilk bor senopopulyatsiyasi topildi.
Kamyob o‘simliklar kadastri va monitoringi laboratoriyasi ilmiy xodimlari tomonidan yig‘ilgan ma’lumotlar asosida Toshkent viloyati florasining kadastrini yuritishda, kamyob turlarning holatini muntazam ravishda monitoring qilishda va O‘zbekiston Respublikasi “Qizil kitobi” ning yangi nashrlarini tayyorlashda keng foydalaniladi.

Toshkent viloyati Dalvarzin cho‘lidan ilk bor topilgan Tulipa Borszczowii Baker turning yangi senopopulyatsiyasi.

Tulipa Borszczowii Baker turidan gerbariy materiali uchun namuna olindi.

Chotqol tog‘ tizmasi Obi-Raxmat hududidagi Hedysarum drobovii turi senopopulyatsiyasining populyatsiya va ekologik zichligini aniqlash uchun transektlar tashlash jarayoni.

Toshkent viloyati Nurekota hududida tarqalgan Nanophyton botschantzevii turining senopopulyatsiyasi.

