Akademik Q.Z.Zokirov (1908-1992)

Zokirov Qodir Zokirovich (1908.07.25-1992.08.09)- sistematik, florist, xomashyoshunos, geobotanik, botanik-geograf, oʻzbek botanika atamashunosligining asoschisi, biologiya fanlari doktori, professor, OʻzRFA ning akademigi, A.R. Beruniy nomidagi Respublika Davlat mukofotining laureati.

Q.Z.Zokirov botanika fanining rivojlanishiga salmoqli hissa qoʻshgan yirik olim hisoblanadi. Mehnat faoliyatini 1920 yilda jamoatchilik ishidan boshlagan. 1932 yildan Oʻzbekiston Pedagogika akademiyasi Tabiat-matematika fakultetining Botanika kafedrasida assistent, 1937 yildan dotsent, 1941-1943 yillarda OʻzDU (SamDU)ning Oʻsimliklar kafedrasi dotsenti, 1943 yildan Nizomiy nomidagi ToshDPI Botanika kefedrasi mudiri, 1951 yili shu institutning oʻzida professor va kafedra mudiri, 1952-55 yillari OʻzRFA Botanika instituti direktori, shu bilan bir vaqtda ToshDPI professori, 1956-1957 yillarda SamDU rektori, 1957-1961 yillarda Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi akademiyasinig Prezidenti, 1963-1966 yillarda Ulugʻbek nomidagi Fargʻona pedagogika institutining rektori, 1966-1987 yillarda OʻzRFA Botanika institutida Oʻsimliklar xomashyosi boʻlimining mudiri, 1987-1992 yillarda shu institutning Bosh Ilmiy xodimi lavozimlarida mehnat qilgan.

Q.Z.Zokirov 1936 yilda “Nishon choʻllarining oʻsimliklar qoplami” mavzusida nomzodlik, 1951 yilda “Zarafshon daryosi havzasining flora va oʻsimliklar qoplami” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.

Q.Z.Zokirov 450 dan ortiq ilmiy asarlar muallifi. Yirik asarlari: “Kovulning biologiyasiga doir” (Toshkent, 1936 y.), Zarafshon daryosi havzasining flora va oʻsimliklar qoplami” (Toshkent, 1955, 1961), “Yer shari oʻsimliklari qoplamining tipologiyasi” (Oʻrta Osiyo misolida, 1978), “Botanikadan ruscha-oʻzbekcha ensiklopedik lugʻat” (Toshkent, 1973). Q.Z. Zokirovning tashabbusi va muharrirligida “Oʻzbekistonning oʻsimliklar qoplami” nomli 4 jildli monografiya chop etilgan. 6 tomli “Oʻzbekiston florasi” va 10 tomli “Oʻrta Osiyo oʻsimliklari aniqlagichi” asarlarining asosiy mualliflaridan hisoblanadi.

Q.Z.Zokirov rahbarligida oʻnga yaqin doktorlik, yigirmadan ortiq  nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilingan.

Akademik Q.Z.Zokirov_kitoblar