O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti Ilmiy kengashining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi. Kun tartibiga qo‘yilgan barcha masalalar muhokama qilindi.
Botanika instituti va Botanika bog‘ida bajarilayotgan ilmiy loyihalarining 2022 yil uchun tayyorlangan oraliq hisobotlari tinglandi va 2023-yil uchun ish rejasi bo‘yicha loyiha rahbarlari professor Х.F. Shomurodov, akademik K.Sh.Tojibayev, katta ilmiy xodim A.V. Maxmudovlar taqdimot o‘tkazdi.
Botanika instituti va Botanika bog‘i laboratoriyalarining davlat byudjeti doirasida bajarilayotgan ilmiy dasturlarining 2023-yilgi rejasini tasdiqlash uchun laboratoriya mudirlari ma’ruza qildi. Laboratoriyalarning yil davomida yuqori ilmiy natijadorligini saqlab qolish, samarali ish faoliyatini tashkil etish uchun vazifalar belgilab olindi.
Shuningdek, ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari F.I. Karimov tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2021-yil 3-dekabrdagi №19-187-sonli xatida keltirilgan “Ilm-fan va ta’lim sohasidagi davlat tashkilotlarida ilmiy, ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyati bilan shug‘ullanuvchi ilmiy darajaga ega xodimlarga qo‘shimcha haq to‘lash to‘g‘risida”gi qaror ijrosi to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Dendrologiya laboratoriyasida bajarilishi rejalashtirilayotgan vazifalar mufokamasi.

Professor Х.F. Shomurodovning “Gidroiqlim sharoitlarining global oʻzgarishi va antropogen transformatsiya fonida Oʻzbekiston toʻqay oʻsimliklar qoplamining shakllanish tarixi va zamonaviy rivojlanish tendensiyalari” mavzusidagi fundamental loyihasi taqdimoti.

Kat.i.x. A.V. Maxmudovning “Respublikamizning adir mintaqasi lalmi yerlarida qora sedana (Nigella sativa), oddiy zig‘ir (Linum ussitatissimum) va zira (Elwendia persica) plantatsiyasini tashkil etish” mavzusidagi amaliy loyihasi doirasida bajarilgan ishlari muhokamasi.

Geobotanika laboratoriyasi mudiri b.f.d. B.A. Adilovning “Qoraqalpog‘iston Respublikasining oʻsimlik qoplami va yaylov resurslarining hozirgi holatini baholash” mavzusidagi davlat dasturi doirasida 2023 yilda bajariladigan tadqiqotlar rejasi muhokamasi.

Ilmiy kengash yig‘ilishida Fanlar akademiyasining rahbar xodimlaridan J.J.Tashpulatov va F.A.Karimovalar institutda 2022 yilda bajarilgan vazifalar, 2023 yilgi rejalarga o‘z munosabatini bildirishdi.

