Yangi 2024 yil botanik olimlar uchun yaxshi yangilik bilan boshlandi. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Аkademiyasi Botanika instituti qoshidagi akademik F. N. Rusanov nomidagi Botanika bog‘ida 16 yanvar kuni zamonaviy Biotexnologiya laboratoriyasi o‘z faoliyatini boshladi.

Laboratoriya yaratishning maqsadi Botanika bog‘i kollektsiyasini to‘ldirish uchun istiqbolli turlarni in vitro sharoitida mikroklonal ko‘paytirish protokolini ishlab chiqishdir.

2

So‘nggi yillarda iqlimning aridlanishi, cho‘l hududlarining kengayishi, global iqlim o‘zgarishi tufayli sho‘r va qurg‘oqchilikka chidamli manzarali, mevali va introduksiya qilingan o‘simlik turlarini ko‘paytirish va saqlash maqsadida botanika bog‘lari vazifasiga in vitro texnologiyalar keng joriy etildi, bu degradatsiyaga uchragan yerlarni o‘zlashtirishga imkon beradi va kelajak avlodlarning bioxavfsizligini taʼminlaydi. Biotexnologiya laboratoriyasi bir qancha vazifalarni hal qilishga qaratilgan. Jumladan, qimmatbaho o‘simlik turlarini mikroklonal ko‘paytirish protokollarini ishlab chiqish va amalga oshirish. Bunda 1) botanika bog‘i kolleksiyalari, 2) O‘zbekiston florasining noyob va yo‘qolib borayotgan turlari, 3) sho‘r-qurg‘oqchilikka chidamli o‘simlik turlarini (manzarali, mevali, introduksiya qilingan)ko‘paytirishga asos bo‘ladi. Kelgusida laboratoriyani yanada rivojlantirishda ikkilamchi metabolizmni o‘rganish va qimmatli BFM lar olish, kamyob turlar in vitro genofondi bankini yaratish, o‘simliklarni klonal ko‘paytirish, virussiz, sog‘lom o‘simliklar olish, naslchilik jarayonini tezlashtirishni maqsad qilishgan.

3

Laboratoriyani yaratishning zaruriy sharti ilm-fan rivojlanishining zamonaviy tendentsiyalariga rioya qilish zarurati, mahalliy olimlarning zamonaviy texnologiyalar, usullar va yondashuvlardan foydalangan holda dunyo miqyosida tadqiqotlar olib borishga intilishi deb aytish mumkin. Laboratoriya xodimlari dunyoning yetakchi ilmiy tashkilotlarida, jumladan, Koreya Milliy Аrboretumida (KMА, Janubiy Koreya Respublikasi), Bekdudegan Milliy Аrboretumida (BDMА, Janubiy Koreya Respublikasi), Belarus Davlat Universitetining Biologiya fakulteti O‘simliklar biokimyosi va bioinjeneriyasi laboratoriyalarida (Belarus Respublikasi) amaliyot o‘tashgan.

4

Laboratoriya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 noyabrdagi “Ilmiy-tadqiqot muassasalari infratuzilmasini yanada mustahkamlash va innovatsion faoliyatni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi №PP-3365 sonli qarori doirasida yuqori samarali suyuq xromatograf mass–spektrometrini sotib olish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ushbu uskuna dorivor o‘simliklardagi biologik faol moddalarning tarkibi, shuningdek, to‘qima kulturalarida fundamental va amaliy tadqiqotlar o‘tkazish imkonini beradi.

5