O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti “Geobotanika” laboratoriyasi yetakchi ilmiy xodimi, biologiya fanlari doktori, professor Tashxanim Raximova 1944 yil 28 yanvarda Chimkent viloyati Turkiston rayonida tug‘ilgan.
1967 yili Toshkent Davlat universiteti biologiya-tuproqshunoslik fakultetining yuksak o‘simliklar kafedrasini bitirgan. 1967-1970 yillari O‘zR FA Botanika instituti o‘simliklar ekologiyasi laboratoriyasida kichik ilmiy xodim, 1970-1973 yillari aspirant, 1973-1978 yillari kichik ilmiy xodim, 1978-1994 yillari katta ilmiy xodim, 1994-2012 yillari O‘zR FA Botanika ilmiy-ishlab chiqarish markazi O‘simliklar ekologiyasi laboratoriyasi mudiri, 2012-2014 yillarda O‘simlik va hayvonot olami genofondi instituti Geobotanika va o‘simliklar ekologiyasi laboratoriyasida yetakchi ilmiy xodim, loyiha rahbari, 2015 yildan hozirgi vaqtgacha Geobotanika laboratoriyasida yetakchi ilmiy xodim lavozimida ishlamoqda. Mehnat staji 56 yil.
T.Raximova 1974 yili “Chortoq adirlarining tabiiy o‘simliklari va yaylovlari” mavzusida nomzodlik, 1995 yili “Seriphidium (Bess.) Rouy kenja turkumiga oid shuvoq turlarining eko-biologik xususiyatlari va ulardan foydalanish istiqbollari” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi.
280 dan ortiq ilmiy ishlarning muallifi, shulardan 13 tasi hammualliflikda yozilgan monografiyalar, 30 dan ortig‘i xorijiy davlatlarning nufuzli jurnallarida chop etilgan maqolalardir. Inqirozga uchragan yaylovlarni yaxshilashga bag‘ishlangan 5 ta qo‘llanma va tavsiyalar chop etilgan. Eng muhim ishlari qatoriga «Эколого-биологические основы создания искусственных пастбищ и сенокосов на адырах Ферганской долины» (1977), “Chortoq adirlarining tabiiy o‘simliklari va yaylovlari” (1982), «Адаптация кормовых растений к условиям аридной зоны Узбекистана» (1983), “Ekologiya va tabiatni muhofaza qilish asoslari” (2001), “Ekologiya” kitobi o‘zbek (2008) va rus tilida (2011), uchta metodik qo‘llanma “Shahar muhiti ekologiyasi” (2005), “O‘simliklar ekologiyasi va fitosenologiya” (2009), “Yuksak o‘simliklar bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar” (2011), «Ценопопуляции редких и исчезающих видов растений останцовых низкогорий Кызылкума» (2018), “O‘zbekiston cho‘l yaylovlarining hozirgi holati va ulardan oqilona foydalanish” (2018), “Кадастр флоры Узбекистана: Навоийская область” (2019), “Кадастр флоры Узбекистана: Бухарская область” (2020) monografiyalari, “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika institutiga 80 yil” (2021) yubiley ocherki kiradi.
Olimaning ilmiy yo‘nalishlari cho‘llanish jarayonida O‘zbekiston o‘simliklar qoplami va yaylovlarining ekologik holati, istiqbolli oziqabop o‘simliklarning eko-biologik xususiyatlarini moslashuvini hamda yaylov ekosistemalaridagi o‘zgarishlarni baholashga bag‘ishlangan. Olingan natijalar inqirozga uchragan yaylovlarni serhosil turlar hisobiga boyitishda qo‘llanilgan.
Seriphidium kenja turkumiga oid istiqbolli 25 ta shuvoq turlarining eko-biologik xususiyatlarini har tomonlama o‘rganib (1968-1995 yy.), ularning respublikamiz chala cho‘l va adir mintaqalarida moslashuvini hamda fitomelioratsiya uchun rayonlashtirishning ilmiy asoslarini ishlab chiqdi. Natijada 1500 gektar inqirozga uchragan shuvoqzorlarning holati yaxshilanib, istiqbolli, serhosil turlar hisobiga boyitildi va yaxshilandi. Rahbarligida 1997-1999 yillarda Janubiy-G‘arbiy Qizilqum, Jizzax, Orol dengizining tubini o‘rganish va fitomeliorativ yaxshilash usullarini ishlab chiqish ishlari olib borildi.
Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi bo‘yicha 1998-2023 yillar mobaynida O‘zbekiston Milliy universiteti biologiya-tuproqshunoslik fakultetida o‘rindosh asosida ishlab, maxsus fanlardan yuqori ilmiy va uslubiy darajada maʼruzalar o‘qib, amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda.
Professor T. Raximova – geobotanika va o‘simliklar ekologiyasi sohasidagi mutaxassis. O‘zbekistonning arid mintaqasida ozuqabop o‘simliklarning eko-biologik xususiyatlarini o‘rganish bo‘yicha ilmiy maktabning yirik namoyondasi.
Geobotanika va o‘simliklar ekologiyasi sohasidagi yetuk mutaxassis, O‘zbekistonning arid mintaqasida ozuqabop o‘simliklarning eko-biologik xususiyatlarini o‘rganish bo‘yicha ilmiy maktabning yirik namoyondasi sifatida professor O‘.X. Xasanov ilmiy maktabining davomchilaridan biridir. O‘zbekistonning cho‘l va adir mintaqalaridagi inqirozga uchragan tabiiy yaylovlarning holatini baholash va ularning holatini yaxshilash yo‘nalishidagi ilmiy tadqiqotlari asosida hozirgi u yaratgan ilmiy maktab tomonidan Qizilqum va Orol dengizining qurigan tubidagi o‘simliklar qoplamini raqamli xaritalash, kamyob va yo‘qolib borayotgan o‘simliklarning senopopulyatsiyalarini o‘rganish, global iqlim o‘zgarishining mavjud ssenariylari bo‘yicha ro‘y berishi mumkin bo‘lgan tabiiy o‘zgarishlarni bashoratlash, O‘zbekiston o‘simliklar qoplamini yangi avlod xaritalarini yaratish kabi zamonaviy talqindagi tadqiqotlarni olib bormoqda. O‘zbekiston tabiiy yaylovlarining holatini baholash bo‘yicha bir qator xaritalarning muallifi.
Uning rahbarligida 10 nafar fan nomzodi va PhD, 1 nafar fan doktori tayyorlangan. 40 dan ortiq magistrlik ishiga ilmiy rahbarlik qilgan. Hozirgi kunda biologiya fanlari bo‘yicha 3 ta PhD, 2 ta mustaqil tadqiqotchi va 2 ta DSc doktorantlarga ilmiy rahbar bo‘lib kelmoqda. O‘zR FА Botanika instituti huzuridagi Ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash va Ilmiy seminar, shuningdek, O‘zbekiston Milliy Universiteti huzuridagi Ekologiya ixtisosligi bo‘yicha Ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash a’zosi.
2007-2011 yillarda “Janubiy-G‘arbiy Qizilqum va Orolqum o‘simliklar qoplamining transformatsiyasi va galoadaptatsiyasi xususiyatlari”; 2012-2014 yillar mobaynida esa “Markaziy Qizilqum yaylov ekosistemalarining hozirgi holatini baholash” mavzusidagi loyihalarga rahbarlik qilgan. Ushbu loyihada u Markaziy Qizilqumda joylashgan Ko‘kcha massivi yaylovlarining hozirgi holatini baholagan va loyiha yakunida “Ko‘kchatog‘ yaylovlari xaritasi”ni tuzib, kerakli tashkilotlarga topshirgan.
T. Raximova 2015-2017 yillar davomida “Cho‘llanish jarayonida Qizilqum qoldiq tog‘lari kamyob o‘simliklari senopopulyatsiyalarining holatini baholash”; 2018-2020 yillar davomida “Navoiy va Buxoro viloyatlarining kamyob va yo‘qolib ketayotgan yuksak o‘simliklari kadastri” mavzusidagi amaliy loyihalarda faol ishtirok etgan. Hozirgi kunda laboratoriyada bajarilishi 2020-2024 yillarga mo‘ljallangan “Qoraqalpog‘iston Respublikasining o‘simlik qoplami va yaylov resurslarining hozirgi holatini baholash” mavzusidagi Davlat dasturi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni olib bormoqda.
T. Raximova fidoiy inson, mohir pedagog, yetuk bilimli, kamtarin olima, yoshlarning jonkuyar ustozidir. Ustoz tarbiyalagan, bilim bergan shogirdlari respublikamizning qator oliy o‘quv yurtlarida, xalq xo‘jaligining turli tarmoqlarida elimizga sidqidildan xizmat qilib kelmoqda.


