Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika institutida Davlat bayrogʻi qabul qilinganligining 33 yilligi munosabati bilan tantanali tadbir oʻtkazildi. Tadbirda institut rahbariyati, ilmiy xodimlar va yosh olimlar qatnashdi.

Oʻzbekiston Respublikasining davlat bayrogʻi mustaqil Oʻzbekistonning asosiy ramzlaridan biri bo‘lib, u 1991-yil 18-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining VIII sessiyasida qabul qilingan. Ushbu ramz xalqimizning tarixiy ildizlari, bugungi yutuqlari va kelajakka boʻlgan intilishlarini oʻzida mujassam etadi.
Tadbir davomida Oʻzbekiston Respublikasi davlat bayrogʻining qabul qilinish tarixi va uning ahamiyati haqida maʼruzalar tinglandi. Ishtirokchilar davlat ramzlari, xususan, bayroqni hurmat qilish va uni asrab-avaylash milliy burchimiz ekanligini taʼkidlab oʻtdilar.

Institut xodimlari mustaqillik yillarida davlat bayrogʻi ostida erishilgan yutuqlar, ilm-fan rivojidagi rolini yodga olib, ushbu buyuk tarixiy sanani nishonlash orqali milliy gʻururni yanada mustahkamlash muhimligini qayd etdilar.
Tadbir yakunida barcha ishtirokchilar davlat bayrogʻi bilan esdalik suratga tushib, ushbu muhim sanani ulugʻlash borasida birdek masʼuliyatni his qilishlarini namoyon etdilar.

Oʻzbekiston Respublikasi davlat bayrogʻi xalqimiz uchun milliy gʻurur va faxr manbai boʻlib, uning timsolida Vatanimizning yorqin kelajagi, tinch va farovon hayoti mujassamdir.

