O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi rahbariyati va ekspertlar Botanika institutida 2021-2024 yillar davomida bajarilgan ilmiy tadqiqotlar bo’yicha monitoring o‘tkazdi. Hisobot monitoringgida davlat dasturlari doirasida amalga oshirilgan ilmiy ishlanmalar va ularning natijalari bo‘yicha hisobot taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Laboratoriya mudirlari bajarilgan ilmiy tadqiqotlar, erishilgan yutuqlar haqida ma’ruzalar qilishdi.
Taqdimotda asosiy e’tibor ilmiy natijalarning amaliyotga joriy etilishi, davlat dasturlarining maqsad va vazifalariga erishish yo‘lidagi yutuqlarga qaratildi.
Botanika instituti so‘nggi yillarda biologik xilma xillikni saqlash, ekologik va geobotanika sohalarida ham katta yutuqlarga erishdi. Tadqiqotlar nafaqat ilmiy tadqiqotlar natijasida, balki amaliy ekologik loyihalarga ham asos bo‘ldi. Quyida asosiy yo‘nalishlar va muhim natijalar keltiriladi.

1

  1. Geobotanika tadqiqotlari.

           O‘zbekistonning tabiiy resurslari va o‘simlik qoplamini o‘rganish:
           Qoraqalpoq Ustyurt hududining o‘simlik qoplami raqamli xaritalash asosida ishlab chiqildi. Kelajakdagi “O‘zbekiston yashil kitobi” uchun 6 noyob o‘simlik jamoasi baholandi.
Qoraqalpoq Ustyurtining yaylov resurslari tasnifi ishlab chiqildi. yaylovlarning kadastr objekti, o‘simliklari xilma-xilligi, zooteхnik bahosi, iqtisodiy bahosi, xo‘jalik-boshqaruv yo‘nalishlari asosida kadastri tuzildi; kelgusidagi “O‘zbekiston yashil kitobi” uchun Sharqiy Chinkning 18 ta kamyob jamoalarining holati baholandi.

2

3

 

Sharqiy Chink va Orol dengizi qurigan tubi yaylovlarining zamonaviy tasnifi ishlab chiqildi, raqamli vektor qatlamlari yaratildi, kadastri tuzildi; Qoraqalpoq Ustyurtiga tegishli 6 turdagi elektron-raqamli xaritalari yaratildi.

Shimoli-G‘arbiy Qizilqum geobotanik rayonlashtirildi, o‘simliklar qoplami va yaylovlarning zamonaviy tasnifi ishlab chiqildi, raqamli vektor qatlamlari yaratildi, kadastri tuzildi, o‘simlik jamoalari tuzilishining vaqt va makonga bog‘liq o‘zgarish tendensiyalari baholandi, yaylovlarning mahsuldorligi iqlim va edafik omillarga bog‘liq jihatlari ochib berildi.

4

Geobotanik tadqiqotlar asosida ilmiy maqolalar (31 ta Scopus/WoS, 51 ta mahalliy), ishlanmalar, patent (4 ta) va ko’plab yuqori malakali kadrlar tayyorlandi.

5

  1. Mikologiya va Algologiya.

          Qishloq xo‘jaligi va o‘simlik kasalliklari monitoringi:
          O‘zbekiston mikobiotasi uchun yangi Colletotrichum sp. turi aniqlandi. Respublika miqyosida ilk bor, anor va bodomlarda alternarioz kasalligi (Alternaria sp.) qayd etildi. Anor va bodom alternariozi qo‘zg‘atuvchilari sof kulturada ajratib olinib, molekulyar-genetik tadqiq etildi. Natijada, anorda A. alternata, bodomda esa A. tenuissima aniqlandi va izolyatlar PQ008584 va PP989942 raqamlari ostida Xalqaro NCBI bazasiga kiritildi.

6 7

Buxoro va Namangan viloyatlaridagi qishloq xo‘jaligi ekinlarining fitosanitariya holati baholanib, asosiy patogenlarning tarqalish hududlarini ko‘rsatuvchi xaritalar yaratildi. Shuningdek, “Buxoro viloyati meva, sabzavot va poliz ekinlari patogen zamburug‘lari” elektron ma’lumotlar bazasi ishlab chiqildi. Qishloq xo‘jaligi o‘simliklarida uchraydigan zamburug‘ kasalliklariga bag‘ishlangan “Zamburug‘ kasalliklari atlasi” tayyorlanib, ommaga taqdim etildi.
Mikologik tadqiqotlar natijasida ilmiy maqolalar (26 ta Scopus/WoS, 33 ta mahalliy), patent va yuqori malakali kadrlar tayyorlandi.

  1. Dendrologiya va “Yashil Makon” loyihasi.

Toshkent Botanika bog‘ida 900 dan ziyod daraxt va buta turlarining elektron bazasi yaratildi. Botanika bog‘ining genofondi uchun 67 ta oila, 95 ta turkumga mansub 1112 tur va 42 ta formadan iborat yangi o‘simlik namunalari olib kelindi. Shimoliy Amerika ekspozitsiyasidagi daraxt va butalarning introduksion tahlili hamda Toshkent shahrining uch tumani bo‘yicha dendrologik tahlil amalga oshirildi.

8 9 10

Yashil Makon milliy loyihasi doirasida daraxt va butalar respublika bo‘ylab ko‘chat qilib ekildi.
Tadqiqotlar natijasida ilmiy maqolalar (12 ta Scopus/WoS, 37 ta mahalliy) tayyorlandi.

11

  1. Molekulyar filogeniya va Genetik tadqiqotlar.

          O‘zbekistonning noyob o‘simliklarining genetik xaritasi:
          Eremurus va Iris turkumlari turlarining genetik tadqiqotlari o‘tkazildi, genetik xilma-xillik va filogenetik daraxtlar yaratildi.
Genetik tadqiqotlar natijasida Fritillaria va Tulipa kabi noyob turlar uchun ekologik tiklanish modeli ishlab chiqildi.
Tadqiqotlar natijasida ilmiy maqolalar (30 ta Scopus/WoS, 46 ta mahalliy) tayyorlandi.

12

13 14

  1. Dorivor o‘simliklar.
    Respublika iqtisodiyoti uchun dorivor o‘simliklarning ahamiyati:

           Hyssopus officinalis, Agastache foeniculum, Thymus vulgaris, Origanum vulgare subsp. gracile, Ruta graveolens turlarining fenologik kuzatuvlari natijasida ko‘paytirish biologiyasining ilmiy asoslari ishlab chiqildi.
O‘zbekiston sharoitida sanoat plantatsiyalarida yetishtirish uchun istiqbolli yangi introduksion o‘simliklar sifatida Cyperus esculentus, Abelmoschus manihot, Chamaecrista nomame, Senna obtusifolia, Trigonella foenum–graecum tavsiya etildi. Toshkent vodiysi sharoitida Curcuma longa va C. zedoaria ildizpoyali o‘simliklarini ochiq maydonda yetishtirish ularning sovuqqa chidamsizligi sababli maqsadga muvofiq emasligi aniqlandi.
Yurak-qon tomir kasalliklarida foydalaniladigan 18 tur dorivor o‘simliklar va nafas yo‘llari kasalliklarida terapevtik ta’sirga ega 17 tur dorivor o‘simliklardan iborat maxsus ekspozitsiyalar tashkil etildi. Dorivor o‘simliklarning yangi turlari sanoat plantatsiyalarida yetishtirish uchun tavsiya qilindi.

15 16

  1. Raqamli flora kadastri.

          Flora kadastri va ekologik monitoring:
           O‘zbekistonning biologik xilma-xilligini saqlash maqsadida kamyob o‘simlik turlarining kadastri va monitoringi bo‘yicha muhim ishlar amalga oshirildi. Ushbu tadqiqotlar noyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan turlarni aniqlash, ularni saqlash va qayta tiklashga qaratildi. Toshkent viloyati florasining kadastr ro‘yxati tuzildi, unda 2198 tur o‘simlik qayd etildi.
Toshkent va Sirdaryo viloyatlarining o‘simlik turlari Plantarium va GBIF kabi xalqaro platformalarga kiritildi. Endemik va kam uchraydigan turlar (Tulipa borszczowii, Tulipa butkovii, Tulipa dubia, Tulipa greigii, Tulipa korolkowii, Nanophyton botschantzevii) senopopulyatsiyasining  ontogenetik tuzilishi bo’yicha tadqiqotlar o‘tkazildi.

17

18 19

Endemik o‘simliklar Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi (IUCN) qizil ro‘yxatiga kiritish uchun tavsiya qilindi. Ilk bor Sirdaryo viloyatining flora tarkibi o‘rganildi: 74 oila, 379 turkum, 841 tur.

  1. In vitro sharoitida o‘simliklarni ko‘paytirish ilmiy asoslari

Toshkent botanika bog‘i, Shimoliy Amerika ekspozitsiyasi kolleksiyasidagi 20 ta tur uchun mikroklonal ko‘paytirish protokollari ishlab chiqildi. Ularning 15 turi muvaffaqiyatli ravishda in vitro kulturasiga joriy etildi, 11 tur uchun rizogenez optimallashtirildi va regeneratsiya qilingan o‘simliklar tuproq sharoitlariga moslashtirildi. 13 tur uchun to‘qima kulturasi olindi, shulardan 7 turda to‘qima kulturasining rivojlanishining turli bosqichlarida flavonoid kvertsetin miqdori aniqlandi. Ikkita ixtironi patentlash uchun arizalar topshirildi.

20 21

  1. Madaniy o‘simliklarning O‘zbekiston florasidagi yovvoyi ajdodlari populyatsiyalarining zamonaviy holatini baholash va tirik kolleksiyasini yaratish.

O‘zbekistonning turli botanik-geografik rayonlaridan Allium L. (Allium pskemense B.Fedtch., A. oschanini O.Fedtsch. va A. praemixtum Vved.) turlari ishtirokida 20 ta hamda Tulipa L. (Tulipa fosteriana Irv., T. greigii Regel, T. kaufmanniana Regel va T. tubergeniana Hoog) turlari ishtirokida 28 ta cenopopulyatsiyalarning hozirgi kundagi holati baholangan.
         Poaceae oilasiga mansub 99 senopopulyatsiya (13 turkum, 20 tur) baholandi. Agropyron fragile, Elymus dahuricus va Secale sylvestre turlarining tarixiy va zamonaviy areallari MaxEnt modeli yordamida tahlil qilindi. Fabaceae oilasining 6 turi va kvota tarkibiga kiritilgan 6 tur bo‘yicha 75 senopopulyatsiya o‘rganildi. Pistacia vera L., Rosa canina L., Berberis integerrima turlarining tabiiy resurslari holati baholandi.

23 24 25 26

Toshkent Botanika bog‘i va Qizilqum cho‘l stansiyasida 20 dan ortiq madaniy o’simliklarning yovvoyi ajdodlarining tirik kolleksiyasi tashkil qilindi.
Tadqiqotlar asosida ilmiy maqolalar (29 ta Scopus/WoS, 37 ta mahalliy), tayyorlandi.

  1. Janubi-G‘arbiy Hisor florasinining to‘r tizimli xaritalash va monitoring ishlari

Surxondaryo viloyati bo‘yicha 884 ta indeks hududi (5×5 km) florasi o‘rganilib, 2191 tur aniqlangan. 67 mingdan ortiq gerbariy namunalari raqamlashtirildi va global ma’lumotlar bazalariga kiritildi.
Gerbariy namunalari va dala tadqiqotlari asosida geobog‘langan ma’lumotlar bazasi yaratildi. Geobog‘langan ma’lumotlar majmuasi 1834–2024 yillar oralig‘ida to‘plangan 67261 namunadan iborat.

27 28

29

O‘zbekiston florasi uchun yangi turlar Gagea wallichii, Astragalus tatjanae, Lallemantia baldshuanica kashf qilindi. O‘zbekiston florasi uchun ilk bor “to‘yinmagan” va “to‘yingan” indeks tushunchalari kiritildi.
Floristik va sistematik tadqiqotlar asosida ilmiy maqolalar (50 ta Scopus/WoS, 28 ta mahalliy), 8 ta monografiya va ko’plab yuqori malakali (DSc, PhD) kadrlar tayyorlandi.

30

Botanika instituti tomonidan olib borilgan ushbu keng ko‘lamli tadqiqotlar O‘zbekistonning tabiiy boyliklarini saqlash va ilmiy yondashuvlarni amaliy hayotga tatbiq etishda muhim qadam hisoblanadi. Ushbu yutuqlar ilm-fan va jamiyatni bog‘laydigan ko‘prik vazifasini o‘taydi.