O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika institutining O‘zbekiston florasi laboratoriyasi kichik ilmiy xodimi B.Q. Karimov davlat dasturida belgilangan vazifalar doirasida oliy ta’lim muassasalari bilan ilmiy-amaliy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Buxoro davlat universitetida ilmiy seminar tashkil etdi. Seminar mavzusi: “O‘zbekiston florasini o‘rganish: erishilgan yutuqlar va kutilayotgan natijalar”.
Buxoro davlat universitetining Tabiiy fanlar va agrobiotexnologiya fakultetida bo‘lgan ushbu ilmiy-amaliy seminar qizg‘in bahs-munozaralarga boy tarzda tashkil etildi. O‘zbekiston florasini o‘rganishda qo‘llanilayotgan zamonaviy usullar, laboratoriyada olib borilayotgan ishlar, erishilgan yutuqlar va kutilayotgan natijalar haqida batafsil ma’lumotlar berildi. O‘quv yurtlari bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Bundan tashqari, Botanika institutida amalga oshirilayotgan Jahon banki tomonidan moliyalashtirilgan PRIM 01-73 “Fanlar akademiyasi Botanika institutini modernizatsiya qilish” nomli loyihasi doirasida yaratilgan “Oʻrta Osiyo oʻsimliklarini toʻr tizimli xaritalash” platformasidan “www.gmoca.org” foydalanish, uning afzalliklari va ushbu platformadan kelajakda kutilayotgan natijalar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi.
Tadbir davomida O‘zbekiston florasining dolzarb masalalari hamda ilmiy izlanishlarning istiqbollari haqida bakalavr, magistratura bosqichi talabalariga va tadqiqotchilarga batafsil ma’lumotlar berildi va hamkorlik aloqalari o‘rnatildi. Seminarda qatnashchilar tomonidan berilgan savollarga mutaxassis tomonidan batafsil javoblar berildi.

Ushbu seminar O‘zbekiston florasini o‘rganish va uni muhofaza qilish bo‘yicha yangi bilimlar almashinuvi, shuningdek, yosh olimlar va talabalar uchun amaliy tajriba olish imkoniyatini yaratdi. Oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, yosh olimlarning ilmiy faoliyatini rag‘batlantirish va ularning fundamental tadqiqotlarga qiziqishini oshirishga xizmat qildi. Talaba yoshlarning o‘simliklar dunyosiga bo‘lgan ilmiy munosabatining shakllanishida muhim o‘rin tutdi.
Shu bilan birga, Buxoro davlat universitetida “O‘zbekistonda barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va yashil iqtisodiyotni rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasida faol ishtirok etib kelindi.



Seminar oliy ta’lim va ilmiy muassasalar hamkorligini mustahkamlash, yosh avlodni atrof-muhit va botanika faniga qiziqtirishda muhim qadam bo‘ldi.

