O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti olimlari tomonidan Orol dengizi qurigan tubidagi ekologik restavratsiya jarayonlariga oid ko‘p yillik kuzatuvlar asosida tayyorlangan fundamental tadqiqot natijalari dunyoning nufuzli ilmiy jurnali — Ecological Indicators (CiteScore 13.3, Q1, 2024) jurnalida “Vegetation colonization and biodiversity dynamics on the exposed Aral Sea bed: A 35 years investigation” sarlavhasi ostida chop etildi va Orol fojiasi oqibatlarining ekologik jihatdan o‘rganilishida muhim bosqich bo‘ldi (https://www.sciencedirect.com/science/article/pii/S1470160X25007198).
Tadqiqot haqida:
Ushbu fundamental tadqiqotda mualliflar tomonidan Orol dengizining qurigan tubida shakllanayotgan turg‘un o‘simlik jamoalari va ekotizimlarning 35 yillik dinamikasi o‘rganildi. Xalqaro IUCN tashkiloti ekotizimlarining Qizil ro‘yxatida “Inqirozga uchragan” deya taʼriflangan Orol dengizining qurigan tubiga botanik olimlar dinamik zamonaviy rivojlanuvchi tizim sifatida baho berib, unda 5 ta asosiy ekotizim turlarini (ephemeral ecosystems, wasteland ecosystems, post-ecosystems, remnant ecosystems, and neo-ecosystems) ajratishdi. Olimlar 30 dan ortiq dominant o‘simlik turlari landshaft interferensiyasi hodisasiga ko‘ra almashinish qonuniyatlarini aniqlab, ularni tuproqning mexanik tarkibi, sho‘rlanish darajasi va grunt suvlari chuqurligi bilan bog‘liq holda tahlil qildilar. Tadqiqot davomida 65 ta ekotоp shakllanganligi qayd etilib, ekologik mezonlarga asoslangan o‘ziga xos klassifikatsion shkala ishlab chiqildi, ekotizimlarning rivojlanishi bashorat etildi.

1-rasm. Orol dengizining Qozog‘iston va O‘zbekiston hududlariga to‘g‘ri keluvchi qurigan qismi. Ekogradient yo‘nalishlari (EGD1, EGD2, EGD3) raqamlari qirg‘oq chizig‘ining chekinish darajasi bo‘yicha belgilangan.

2-rasm. Turlarning turli tuproq gradatsiyalari bo‘yicha nisbiy faolligi.
Og‘ir tuproqlar (MC1) va qumoq tuproqlar (MC4) hamda yer osti suvlari chuqurligi 1,0–1,5 m bo‘lgan hududlarda boshqa gradatsiyalarda kuzatilmagan tur faolligi (RA(Fg))ning o‘ziga xos namunalari qayd etildi. Sho‘rlanish bo‘yicha 4- va 5-darajali tuproqlar, shuningdek, yer osti suvlari chuqurligi 1-, 3- va 5-kategoriyalarga mansub uchastkalar RA(Fg) ko‘rsatkichlari asosida statistik jihatdan o‘xshash toifalarga birlashtirildi.

3-rasm. Kanonik muvofiqlik tahlili (CCA) orqali statistik jihatdan muhim (p < 0.05) bog‘liqlikka ega bo‘lgan tuproq omillari va ekotizim turlari o‘rtasidagi munosabatlar tasvirlangan. Tuproqning fizik gil miqdoriga ko‘ra teksturasi: MC1 (>45 %), MC4 (<10 %). Quruq qoldiq asosida sho‘rlanish darajasi: SS3 (>7.0 %). Yer osti suvlari chuqurligi: GL1 (<1.0 m), GL2 (1.0–1.5 m), GL3 (1.5–2.0 m), GL4 (2.0–3.0 m), GL5 (>3.0 m).

4-rasm. 1986–2021-yillar oralig‘ida qurigan Orol dengizi tubida o‘simliklar kolonizatsiyasi jarayoni va turli ekotizim turlarining shakllanishi bo‘yicha haqiqiy va Gradient Boosting usulida prognozlangan regressiya modeli (MSE = 49.64, R² = 0.72). Model biologik xilma-xillik indikatori — Shannon–Wiener indeksi asosida tuzilgan. Tahlilga gil tarkibi (MC, %), tuproq sho‘rlanishi (SS, %) va yer osti suvlari sathi (GL, m) bo‘yicha kuzatilgan barcha gradientlar kiritilgan. Grafikdagi vertikal chiziqlar oralig‘i kolonizatsiya jarayonidagi “biologik xilma-xillikning keskin o‘sish bosqichlari”ni aks ettiradi.

5-rasm. Vaqtinchalik ekotizimlar holatining (TELCC) dinamikasi besh davr oralig‘ida (1980–1985, 1990–1995, 2000–2005, 2010–2015, 2016–2022) va 2022–2030-yillar uchun prognoz qilingan o‘zgarishlari. Grafikda quyidagi ekotizim turlari aks ettirilgan: EEs – efemer ekotizimlar, WEs – yaroqsiz yerlardagi ekotizimlar, NEs – neoekotizimlar, REs – qoldiq ekotizimlar, PEs – post-ekotizimlar, (turg‘un ekotizimlar).
35 yillik monitoring asosida Orol dengizining qurigan tubida o‘simliklar kolonizatsiyasi natijasida besh turdagi ekotizim shakllangani aniqlanib, bu jarayon murakkab edafik va gidrologik omillar bilan boshqarilishi qayd etildi. Tuproqning mexanik tarkibi ekotizimlarning shakllanishida hal qiluvchi omil bo‘lib, bu Gradient Boosting va SHAP tahlillari orqali statistik jihatdan asoslab berildi.
Qumli va o‘rtacha zichlikdagi tuproqlar hamda 1,0–1,5 m chuqurlikdagi yer osti suvlari yuqori fitomassa va o‘simlik xilma-xilligini hosil qilishga imkon yaratdi. Aksincha, og‘ir sho‘r tuproqlar faqat monodominant galofitlar ustun bo‘lgan oddiy jamoalar bilan tavsiflandi. Suksessiya mozaikaviy va siklik xususiyatga ega bo‘lib, CCA tahlili orqali turli ekotizim turlarining edafik gradientlar bilan bog‘liqligi isbotlandi.
Prognoz modellari 2030 yilgacha neosuksessiv va post-ekotizimlar kengayishini, ephemeral jamoalar qisqarishini ko‘rsatmoqda. Ekstremal sharoitlarga qaramay, barqaror fitosenozlar shakllanishi muayyan edafik-gidrologik chegaralarda real ekani tasdiqlandi.
Ushbu nashr O‘zbekiston ekologik geobotanika sohasining xalqaro miqyosdagi yutuqlaridan biridir va Orolbo‘yi hududida barqaror ekologik strategiyalarni ishlab chiqish uchun ilmiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Maqola mualliflari:
Bexzod Adilov, Xabibullo Shomurodov, Tashxanim Raximova, Azamat Sultamuratov, Farrux Polvonov (O‘zRFA Botanika instituti);
Gulnora Begjanova (Qoraqalpog‘iston davlat universiteti);
Zafarjon Jabbarov (O‘zbekiston Milliy universiteti);
Lei Wang, Zhenyong Zhao (Xitoy Fanlar akademiyasi).

