Intellektual mulk markazi davlat muassasasi — mamlakatda intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza qilish, ularni ro‘yxatdan o‘tkazish va mualliflar manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi. Muassasa innovatsion ishlanmalarni qo‘llab-quvvatlash, patentlash jarayonlarini takomillashtirish hamda ilmiy tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish yo‘nalishlarida faoliyat olib boradi. So‘nggi yillarda respublikada intellektual mulk obyektlari soni 102 mingdan oshgan bo‘lib, ularning tarkibiga ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari, tovar belgilari hamda EHM uchun dasturlar kiradi.
2026-yil 24-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika institutida Institut qoshidagi Texnologiyalar va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash markazi hamda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasi vakillari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbir Botanika instituti direktori, akademik K. Sh. Tojibayevning kirish so‘zi bilan boshlandi. Akademik o‘z nutqida institutda ilmiy ishlanmalarni huquqiy himoya qilish, ularni amaliyotga tatbiq etish va tijoratlashtirish borasida olib borilayotgan ishlarning muhimligini alohida e’tirof etib o’tdilar.

Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasi Ixtiro va foydali modellar bo‘limi boshlig‘i I. T. Abdukadirov hamda muassasaning Texnologiyalar va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash markazlari faoliyatini muvofiqlashtirish va axborot resurslari bo‘limi katta maslahatchisi D. X. Tojialiyeva ma’ruza bilan ishtirok etdilar. Ular o‘z chiqishlarida ixtiro talabnomasida analog va eng yaqin analog tushunchasining mazmuni, ularni aniqlash tartibi hamda patentlash jarayonidagi ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berdilar.

Shuningdek, tadbir davomida intellektual mulk obyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi, ularning huquqiy muhofazasini ta’minlash mexanizmlari hamda ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish imkoniyatlari bo‘yicha atroflicha tushuntirishlar berildi.



Tadbir davomida institut ilmiy xodimlari va mutaxassislar ishtirokida intellektual mulk obyektlarini rasmiylashtirish, foydali modellar va ixtirolarni patentlash, EHM uchun dasturlar hamda ma’lumotlar bazalarini ro‘yxatdan o‘tkazish masalalari yuzasidan savol-javoblar tashkil etildi. Mutaxassislar tomonidan barcha savollarga batafsil tushuntirishlar berildi.

