Botanika instituti hamda Kasaba uyushma qo‘mitasi o‘rtasida 2024–2026-yillarga mo‘ljallangan jamoa shartnomasining 2025-yilda belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

2

Mazkur yig‘ilishda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Sh. Jo‘rayev ishtirok etib, jamoa shartnomasi doirasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan atroflicha ma’lumot berdi. U o‘z nutqida institutda xodimlarning ijtimoiy-mehnat huquqlarini himoya qilish, ularning manfaatlarini ta’minlash, mehnat sharoitlarini yanada yaxshilash hamda ijtimoiy hamkorlikni mustahkamlash borasida olib borilayotgan ishlarning muhimligini alohida ta’kidlab o`tdilar.

Shuningdek, jamoa shartnomasida belgilangan majburiyatlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi, xodimlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, sog‘lomlashtirish tadbirlarini tashkil etish hamda kasaba uyushmasi va ma’muriyat o‘rtasidagi samarali hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalarini bildirdi. Mazkur yo‘nalishdagi ishlarni izchil davom ettirish kelgusida ham jamoaning ijtimoiy barqarorligi va mehnat unumdorligini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.

3

Institut hududida xodimlar uchun qulay va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish maqsadida “Yong‘in xavfsizligi”, “Texnika xavfsizligi” hamda “Mehnat muhofazasi kasaba uyushmasi e’tiborida” burchaklari tashkil etilgani, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida talablari ijrosi muntazam nazorat qilinayotgani va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani haqida institut direktori K. Sh. Tojiboyev o‘z ma’ruzasida ma’lumot berib o`tdilar.

Shuningdek, institutda “Ichki mehnat tartibi qoidalari” kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan holda ishlab chiqilib tasdiqlangani hamda barcha xodimlar ushbu qoidalar bilan belgilangan tartibda tanishtirilgani alohida ta’kidlab o‘tildi.

4

Yig‘ilish davomida institut xodimlari tomonidan Sh. Jo‘rayevga bir qator takliflar bildirildi. Jumladan, xodimlarning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish, sog‘lomlashtirish va dam olish tadbirlarini kengaytirish, moddiy rag‘batlantirish mexanizmlarini takomillashtirish hamda mehnat sharoitlarini yanada yaxshilashga qaratilgan tashabbuslar ilgari surildi. Shuningdek, xodimlar uchun tarixiy obidalar va muqaddas qadamjolarga sayohatlar tashkil etish orqali ularning madaniy-ma’naviy hordiq chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish yuzasidan ham takliflar bildirildi.

5

Shuningdek, yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ilmiy faoliyatini rag‘batlantirish, kasbiy malakasini oshirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish, xodimlar farzandlari uchun sog‘lomlashtirish oromgohlari yo‘llanmalarini ko‘paytirish masalalari ham muhokama qilindi. Bildirilgan takliflar kasaba uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish va xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini samarali himoya qilishga xizmat qilishi alohida ta’kidlab o`tildi.

6

7

Yig‘ilish yakunida institut jamoasi hayotidagi muhim voqealardan biri — yaqinda falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini muvaffaqiyatli himoya qilgan yosh olimlar F. Akbarov hamda Z. Qozimovga diplom topshirish marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Marosim tantanali ruhda o‘tkazilib, unda ilmiy xodimlarning erishgan yutuqlari alohida e’tirof etildi.