Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetida mamlakatimiz botanika ilmi rivoji uchun muhim voqea — O‘zbekiston Milliy gerbariysi (TASH) filiali tantanali ravishda ochildi. Mazkur filialning tashkil etilishi Janubiy O‘zbekiston hududining floristik xilma-xilligini chuqur o‘rganish, noyob va endemik o‘simlik turlarini saqlash hamda ilmiy tadqiqotlarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Filial ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti direktori, akademik K. Tojiboyev, respublikaning yetakchi botanika olimlari, Toshkent va Samarqand ilmiy markazlari vakillari hamda Hindistonning Aligarh musulmon universiteti professor-o‘qituvchilari ishtirok etdilar.

Hozirgi kunda filial fondida 4 000 dan ortiq gerbariy namunalari jamlangan bo‘lib, ular Surxondaryo viloyati va unga tutash hududlar florasini o‘rganishda muhim ilmiy manba hisoblanadi. Rejalarga ko‘ra, kelgusida fondni har yili kamida 10 000 ta yangi namunalar bilan boyitib borish ko‘zda tutilgan. Bu esa Termiz shahrida mintaqaning yirik ilmiy gerbariy markazini shakllantirish imkonini beradi.

Filial faoliyati zamonaviy xalqaro talablarga muvofiq tashkil etilgan bo‘lib, quyidagi ustuvor yo‘nalishlarni qamrab oladi:

  • o‘simlik namunalarini xalqaro Engler tasnif tizimi asosida tartiblash;
  • har bir namunani raqamlashtirish va GPS koordinatalar bilan xaritalash;
  • noyob va muhim o‘simlik turlarining tarqalishini monitoring qilish;
  • ilmiy namunalarni maxsus presslash va –18 °C haroratda saqlash orqali uzoq muddatli konservatsiya qilish;
  • talabalar va yosh tadqiqotchilar uchun amaliy ilmiy baza yaratish.

Ma’lumki, O‘zbekiston Milliy gerbariysi (TASH) Markaziy Osiyodagi eng yirik botanika kolleksiyalaridan biri bo‘lib, unda 1,5 milliondan ortiq gerbariy namunalari, jumladan XIX asrga oid noyob eksponatlar saqlanadi. Termiz filialining tashkil etilishi ushbu ilmiy merosni hududiy darajada kengaytirishga xizmat qiladi.

Mazkur filial nafaqat ilmiy tadqiqotlar, balki ta’lim jarayonini rivojlantirish, yosh botanika mutaxassislarini tayyorlash va xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlashda ham muhim ahamiyatga ega.

 

2

Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetida Milliy gerbariy filiali ochilish marosimi

3

Gerbariy namunalarini saqlash va tizimlashtirish xonasi

4

Gerbariy filiali ochilish marosimi doirasida ishtirokchilarga o‘simlik namunalarini tayyorlash, saqlash va ilmiy tizimlashtirish jarayonlari bo‘yicha amaliy taqdimot o‘tkazilmoqda.

5

Gerbariy namunalarini tayyorlash (presslash va tikish) jarayoni

6

Gerbariy namunalarini tasniflash va saqlash jarayonlari yuzasidan mehmonlarga amaliy tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

7

Filial fondida saqlanayotgan gerbariy namunalarining ilmiy ahamiyati yuzasidan mehmonlarga batafsil ma’lumot berilmoqda.

8

Tadbir yakunida ishtirokchilar esdalik suratga tushdilar hamda kelgusidagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.