O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika institutida milliy qadriyatlarimizni o‘zida mujassam etgan, yangilanish va yasharish faslining ramzi bo‘lgan Navro‘z umumxalq bayrami ko‘tarinki ruhda nishonlandi. Bayram tadbirida institut rahbariyati, ilmiy xodimlar, yosh tadqiqotchilar hamda texnik xodimlar faol ishtirok etdilar.

2

3

4

5

Tadbir doirasida xodimlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jamoada hamjihatlik va do‘stona muhitni mustahkamlash maqsadida bir qator sport musobaqalari tashkil etildi. Jumladan, arqon tortishish, armrestling, tosh ko‘tarish hamda boshqa qiziqarli sport bellashuvlari o‘tkazilib, unda ishtirokchilar o‘z kuch va mahoratlarini namoyish etdilar. Musobaqalar jarayoni yuqori kayfiyat, qizg‘in raqobat va samimiy muhitda o‘tdi.

6

Sport bellashuvlari yakunida g‘olib va faol ishtirokchilarni taqdirlash marosimi tashkil etilib, ularga esdalik sovg‘alari hamda rag‘batlantiruvchi mukofotlar topshirildi. Bu esa jamoa a’zolarining bayramona kayfiyatini yanada oshirdi.

7

Tadbir davomida institut direktori, akademik K. Sh. Tojiboyev barcha xodimlarni Navro‘z bayrami bilan samimiy tabriklab, ularga mustahkam sog‘liq, ilmiy izlanishlarida ulkan yutuqlar hamda oilaviy farovonlik tiladi. Shuningdek, Navro‘zning insonlarni ezgulikka, mehr-oqibatga va hamjihatlikka chorlovchi qadriyatlari alohida ta’kidlab o‘tildi.

Bayram yakunida institut jamoasi uchun bayramona dasturxon yozilib, samimiy suhbatlar va iliq tilaklar ostida Navro‘z shukuhi yanada chuqur his etildi.

8

9

10

Mazkur tadbir jamoa o‘rtasida do‘stona muhitni mustahkamlash, milliy an’analarni e’zozlash va xodimlarning ijtimoiy faolligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi.