2026-yil 24-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti mezbonligida o‘tkazilayotgan “Capacity Enhancement Support Programme (CESP) – CESP2025-004: Pan-Central Asia GBIF data publication conference and workshop” xalqaro konferensiyasi doirasidagi seminar-trening o‘z ishini belgilangan dastur asosida davom ettirdi.

Mazkur tadbir Markaziy Osiyo mamlakatlarida biologik xilma-xillikka oid ma’lumotlarni raqamlashtirish, ularni standartlashtirish, global axborot tizimlariga integratsiya qilish hamda GBIF platformasi orqali nashr etish masalalariga bag‘ishlangan. Seminar-treningda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistondan tashrif buyurgan olimlar, mutaxassislar, o‘qituvchilar va talabalar ishtirok etmoqda.

IMG_4319

Bugungi dastur O‘zbekiston florasi laboratoriyasi doktoranti Razzakova O. moderatorligida boshlandi. Tadbirning rasmiy ochilishida F.I. Karimov ishtirok etib, seminar-treningning maqsad va vazifalari, uning mintaqaviy ilmiy hamkorlikni mustahkamlashdagi o‘rni alohida ta’kidlandi.

IMG_4315

Seminar davomida loyiha maqsadlari va asosiy vazifalari bo‘yicha B.A. Adilov tomonidan batafsil taqdimot o‘tkazildi. Shundan so‘ng Markaziy Osiyo davlatlarida GBIF tarmog‘ini rivojlantirish tajribalariga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi. Jumladan, Tojikistonda CESP loyihasidan keyingi jarayonlar, Qozog‘istonda GBIF tarmog‘ining rivojlanishi, Qozog‘iston florasidagi Gagea turkumi, Qirg‘iziston o‘simlik qoplami hamda Turkmanistonda raqamli gerbariy loyihasi bo‘yicha muhim ma’lumotlar taqdim etildi.

IMG_4318

Tadbirning ikkinchi yarmida Botanika instituti tomonidan Markaziy Osiyo florasini setkali kartografiyalash (GMOCA platformasi) bo‘yicha ma’ruza qilindi. Ushbu taqdimot mintaqada flora ma’lumotlarini zamonaviy geoaxborot texnologiyalari asosida tizimlashtirish va xaritalash yo‘nalishidagi muhim ilmiy ishlanmalardan biri sifatida katta qiziqish uyg‘otdi.

Kun tartibidagi amaliy sessiyalarda esa GBIF tizimi, uning rasmiy sayti, ma’lumotlar to‘plamlari, nashriyotchilar va muassasalar profillari, occurrence ma’lumotlari, filtrlash, flags va issues tizimi, shuningdek ma’lumotlarga iqtibos berish tamoyillari bo‘yicha ishtirokchilarga batafsil tushuntirishlar berildi. Interaktiv mashg‘ulotlar doirasida nozik va muhofazatalab turlarning geografik koordinatalarini umumlashtirish bo‘yicha xalqaro tavsiyalar ham muhokama qilindi.

IMG_4329

Seminar-trening bugungi kunda biologik xilma-xillik ma’lumotlarini ochiq ilmiy platformalarda joylashtirish, mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish va Markaziy Osiyo mamlakatlarining GBIF tarmog‘idagi ishtirokini kengaytirish yo‘lida muhim amaliy maydon bo‘lib xizmat qilmoqda.

Konferensiya va seminar-trening o‘z ishini ertangi kun dasturi asosida davom ettiradi.